Davlatga qarashli Asakabank, Sanoatqurilishbank va Aloqabankning Tashkent city'dagi baland ko‘pqavatli binolari (biznes markazlar) sotuvga qo‘yildi.
Avvalroq SQB o‘zining Yashnobod tumani filiali o‘rnida 21 qavatli bino qurishi haqida xabar berilgandi. Davlat banklari, shuningdek, Yangi Toshkentda ham binolar qurishi mumkinligi aytilmoqda.
“Nosog‘lom bank faoliyati”
Bank-moliya sohasi eksperti Otabek Bakirovga ko‘ra, bino qurib sotish nosog‘lom bank faoliyati hisoblanadi, shu sababli bu boradagi vaziyatga Markaziy bankning regulyativ aralashuvi zarur.
“O‘zsanoatqurilishbank, Asakabank va Aloqabank Tashkent City'da 5 yil davomida qurib, tugatay deb qolgan yangi binolari investorlarga sotiladi. Bank aksiyadorlari, kengashi va boshqaruvi binolar nima uchun qurildi va bitay deganda nima uchun sotilyapti, bu jarayonning iqtisodiy, moliyaviy manfaati va afzalligi nimadan iborat bo‘ldi, degan savolga javob bera olmasligi aniq.
Lekin bu savolga hech bo‘lmasa, Markaziy bank aniqlik kiritishi kerak. Chunki bino qurib sotish banklarning vazifasi emas, nosog‘lom bank faoliyati hisoblanadi. Markaziy bankning regulyator sifatida qilishi kerak bo‘lgan ishlarning biri aynan banklarni kreditor, depozitor va omonatchilar manfaaatlariga xavf soladigan operatsiyalardan tiyishdan iborat”, – deya yozdi Bakirov o‘z Telegram-kanalida.
Nega Davaktiv?
Mutaxassis binolarni sotish banklarning o‘ziga emas, amalga oshirayotgan xususiylashtirish jarayonlari bo‘yicha qator savollar uyg‘otayotgan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga topshirilganiga e’tibor qaratdi. U Xalq banki kuni kecha o‘zining sobiq bosh ofisini mustaqil tarzda onlayn auksionda sotganini misol qilib keltirdi.
Davaktiv o‘z e’lonida bildirishicha, agentlik istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan har qanday potensial xaridor bilan har qanday muhokama va muzokaralarni tugatish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
“Toshkent City'dagi binolar Xitoyning qimmat kreditlari hisobiga qurilgan”
Otabek Bakirov, o‘zidagi ma’lumotlarga tayanib, Toshkent City'dagi binolarni banklar o‘z mablag‘lari hisobidan qurmaganini aytdi.
“Har uchala bino Xitoy banklarining va banklar konsorsiumining juda qimmat kreditlari hisobiga bunyod etilgan, xitoylik pudratchilar tomonidan o‘zbekistonliklarni aralashtirmay qurilgan. Har bir bino uchun olingan kreditlar 100 mln dollardan 140 mln dollargacha. To‘langan foizlar, komissiyalar, loyihalarning tayyorlash qiymati bilan binolarning tannarxi 26 qavatlisiniki 150 mln dollardan, 33 qavatlisi 200 mln dollargacha oshgan bo‘lishi tabiiy.
Ko‘ramiz, Davaktiv qanchaga sotib berarkin”, – deydi u.
Bankers.uz nashrining e’tibor qaratishicha, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida O‘zsanoatqurilishbank binosining loyiha qiymati 137 mln dollar deya ko‘rsatilgan. Biroq 2023 yilning 30 noyabrida bank aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida qurilish qiymatini oshirish va muddatini uzaytirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan va tasdiqlangan. Bino qiymati qanchaga oshirilgani bo‘yicha ma’lum qilinmagan.
Xuddi shu dasturda Aloqabank binosining loyiha qiymati 100 mln dollar, Asakabank binosi loyiha qiymati esa 102 mln dollarga baholangan.
SQB yil oxirigacha xususiylashtirilishi kerak
Markaziy bank matbuot xizmati, Kun.uz so‘roviga javoban, banklar binosi sotilishi yuzasidan izoh bermasligini bildirib, banklar o‘zlarining balansidagi mulkka o‘zlari izoh bergani ma’qul ekanini ta’kidladi. Uchala bank va Davaktiv agentligi savollarni javobsiz qoldirdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi eng yirik banklardan biri bo‘lmish SQB 2024 yil oxiriga qadar xususiylashtirilishi belgilangan. Bunda bankning qarzlari aksiyalarga almashtirilib, kreditorlar (xalqaro moliya tashkilotlari) bank aksiyadorlari aylanishi ko‘zda tutilgan.