Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azo sektori va Misr o‘rtasida chegaradagi 14 kilometrlik bufer zonasi bo‘lgan Filadelfiya koridorini «operativ nazoratga oldi». Bu haqda 29 may, chorshanba kuni TsAHAL rasmiy vakili Daniel Hagariy ma’lum qildi.
G‘azo sektori chegaralari bo‘ylab o‘tuvchi Filadelfiya yo‘lagi 1979 yilda Isroil va Misr o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi doirasida yaratilgan. Isroil armiyasi undan G‘azo sektorini tark etishdan oldin patrul qilish uchun foydalangan, deb eslatadi AFP. «Isroil uzoq vaqtdan beri Falastin hududidagi qurolli guruhlar ushbu yo‘lakdan qurol-yarog‘ olib o‘tishda foydalanmoqda, deya gumon qilib keladi», deb yozadi nashr.
Hagariyning so‘zlariga ko‘ra, Isroil harbiylari Filadelfiya yo‘lagi bo‘ylab 20 ga yaqin tunnelni aniqlagan. O‘z navbatida, Misrning yuqori martabali vakili bu ma’lumotlarni rad etdi. «Isroil Falastinning Rafah shahriga qarshi operatsiyani davom ettirishni oqlash va urushni siyosiy maqsadlarda cho‘zish uchun bu ayblovlarga murojaat qilmoqda», — deya AFP rasmiyning so‘zlaridan iqtibos keltirgan. Jurnalistlar suhbatdoshining ismi ko‘rsatilmagan.
Isroil harbiylarining Rafahdagi operatsiyasi
Isroil mudofaa kuchlari xalqaro tanqidlarga qaramay, G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy amaliyotlarini davom ettirmoqda. OAV shahar tanklardan va havodan o‘qqa tutilayotgani haqida xabar bermoqda.
Oxirgi uch hafta ichida G‘azo sektorining Misr bilan chegarasida joylashgan Rafah shahridan 1 millionga yaqin falastinlik jangovar harakatlar tufayli chiqib ketdi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.