Qirg‘iziston parlamenti oiladagi zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirishga qarshi chiqdi

Jahon 19:02 / 30.05.2024 3024

Qirg‘iziston Jogorku Keneshi spikeri Nurlanbek Shakiyev va deputat Mirlan Samiko‘jo xavfsizlik va oilaviy, jinsiy va gender zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi qonun loyihasiga qarshi chiqdi. 

Parlamentning 29 may kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida Samiko‘jo loyiha ishlab chiquvchilar qirg‘iz mentalitetini unutganini aytdi, deb yozdi Kaktus. 

«Biz qirg‘izmiz! Tasavvur qiling, agar o‘g‘lingiz bilan kelin uyda janjallashsa, o‘g‘lingiz 10-30 kunga uydan chiqib ketishi kerak. Biz qirg‘iz xalqi ertaga farzandlarimizni tarbiyalay olmay qolamiz. Keling, yana bir bor o‘ylab ko‘raylik! Biz qirg‘izlar azaldan e’tiqod, qadriyatlar va urf-odatlar asosida yashab kelganmiz. Qirg‘izlarni saqlab qolgan boshqa yozilmagan qonunlar ham bor: urf-odatlar, kattalarni hurmat qilish va boshqalar. Men oiladagi zo‘ravonlikka qarshiman, lekin biz ichki qonunlarimizni oyoq osti qila olmaymiz. Biz qirg‘izmiz! An’analar bo‘yicha yashaylik. Qonunlar kerak, lekin mentalitetni unutmaslik kerak. Ertaga o‘g‘lingiz kelin bilan janjallashib qoladi, kelin o‘g‘lingizni uydan haydab yuboradi, so‘ngra kelin qanday qilib siz bilan birga yashaydi?» dedi Samiko‘jo va loyihani qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarishni taklif qildi. 

Shakiyev ham uning fikriga qo‘shildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz xalqining qonunlardan ustun bo‘lgan yozilmagan urf-odat va an’analari bor. 

«Albatta, qonunlar asosida yashashimiz kerak, lekin mentalitetni ham unutmasligimiz kerak», dedi spiker. 

Deputat Doston Bekeshevning aytishicha, bunday holatlar sodir bo‘lmasligi uchun oilaviy zo‘ravonlikka qarshi qonunning hojati yo‘q. 

«Faqat ayollarni kaltaklamang, tamom, muammo o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi! Bo‘lmasa, urf-odatlar haqida gapirganda, xalqimiz uchun ayolni urish odatdagi holdek tuyuladi», deb ta’kidladi u. 

Biroq, deputat Doston Jumabekov dunyo bo‘ylab oilaviy zo‘ravonlik ko‘payib borayotgani haqida ma’lum qilib, qonunning muhimligini ta’kidladi. 

«Qirg‘izistonda ham so‘nggi paytlarda oiladagi zo‘ravonlik holatlari ko‘payib bormoqda. Bunga qarshi kurashish uchun biz ishlaydigan qonunlarni qabul qilishimiz kerak. Ehtimoliy zo‘ravonlar jazo og‘ir bo‘lishini bilishi kerak. An’analar asosida yashasak, 18-20-asrlarga qaytishimiz mumkin!», dedi u. 

Natijada deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun qo‘mitaga qaytarishga qaror qildilar. 

Qonun loyihasi oilaviy zo‘ravonlarning xatti-harakatlarini o‘zgartirish uchun «axloq tuzatish dasturlari»ni joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, tajovuzkorlar oilaviy zo‘ravonlik sodir etilgan uydan nizo hal bo‘lgunga qadar chiqib ketishi shart bo‘lgan qoida ham nazarda tutilgan. 

Nashrning yozishicha, so‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda ro‘yxatga olingan oilaviy zo‘ravonlik holatlari keskin oshgan. Mutaxassislarning fikricha, zo‘ravonlik darajasini pasaytirish uchun qonunchilikdagi o‘zgarishlar va jazoning muqarrarligi zarur. Hozir oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar uydan chiqib ketishga, ko‘pincha farzandlari bilan birga ketishga majbur bo‘lmoqda. Qonun loyihasi ushbu holatni o‘zgartirishni taklif qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: