Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan NATO davlatlaridan bu yil o‘z mamlakatini Shimoliy Atlantika alyansiga taklif etishni talab qilmaslik so‘raldi, deb yozadi Britaniyaning The Telegraph gazetasi 28 may, seshanba kuni manbalarga tayanib. NATOning navbatdagi sammitida ittifoqchilar Rossiya bilan urushga tortilishi mumkinligidan tashvishlanib, Ukrainaning qo‘shilishi yo‘lida hech qanday qadam tashlamaydi, deb yozadi gazeta.
Germaniya va Qo‘shma Shtatlar Vashingtondagi ikki kunlik sammitda Kiyevga NATOga a’zo bo‘lishning aniq jadvalini taklif qilishga qarshi. Bu davlatlar «Ukrainaning bu yil NATO to‘liq a’zoligi yo‘lidagi keyingi taraqqiyotiga shubha bilan qarayapti», dedi Vashingtonning bu boradagi pozitsiyasidan xabardor manba. «Qo‘shma Shtatlar Germaniya kabi xavotirda bo‘lmasligi mumkin, ammo (ular ham) Rossiya ittifoqning qolgan qismiga tahdid solayotganidan xavotirda», - deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiydan «imkonsiz» narsani talab qilmaslik so‘raldi
NATOning 75 yilligi nishonlanadigan iyuldagi sammitga tayyorgarlik chog‘ida Ukraina hamkorlari Volodimir Zelenskiyni alyansdan «imkonsiz» narsani talab qilmaslik haqida ogohlantirgan. Gazetaning yozishicha, sammitda Ukraina prezidentiga bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida NATOga a’zo bo‘lish uchun «ko‘prik» yoki «yo‘l» deb atalgan narsa taklif qilinadi, biroq aniq muddat belgilanmaydi.
NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg va Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari bir necha bor Ukrainani Rossiyadan himoya qilishini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, NATO eshiklari buning uchun ochiq ekanini ta’kidlagan. 2024 yilning fevralida Stoltenberg Ukraina NATOga har qachongidan ham yaqinroq ekanini aytdi. Shu bilan birga, NATO Ukrainaning tashkilotga kirishi mumkin bo‘lgan sanani aniq aytishdan bosh tortmoqda.