Finlandiya Ukrainaga Rossiyadagi nishonlarga qarshi fin qurolini ishlatishga ruxsat berdi

Jahon 15:44 / 30.05.2024 4981

Ukraina qurolli kuchlari Finlandiyadan olingan qurollar bilan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilishi mumkin, dedi Finlandiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Elina Valtonen 29 may, chorshanba kuni Uusi Suomi nashriga bergan intervyusida. Uning tushuntirishicha, Ukraina mudofaa urushi olib bormoqda va shuning uchun o‘zini himoya qilish maqsadida tajovuzkor mamlakat hududida joylashgan harbiy nishonlarga zarba berish huquqiga ega. Helsinki hukumati o‘zi uzatayotgan yordamdan foydalanish bo‘yicha hech qanday aniq cheklovlar o‘rnatmagan, biroq Ukraina bu qurollardan xalqaro qonunlarga muvofiq foydalanishini kutmoqda, deya qo‘shimcha qildi Valtonen.

NATO ittifoqdoshlarini Ukrainaga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqirdi

Bir necha kun oldin NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg The Economist nashriga bergan intervyusida G‘arb davlatlari Ukrainaga Rossiyadagi harbiy nishonlarga o‘zlari uzatgan qurollar bilan hujum qilishiga ruxsat berishlari kerakligini aytdi. Stoltenberg xuddi shunday bayonot bilan NATO Parlament assambleyasining Sofiyada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida chiqish qilgan, shundan so‘ng uning ishtirokchilari Ukraina armiyasining G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgan. NATOning ba’zi davlatlari tomonidan chizilgan qizil chiziqlar «ukrainaliklarning qo‘llarini bog‘lab qo‘ygani» uchun shunday qaror qabul qilish vaqti keldi, dedi NATO bosh kotibi Sofiyada. Shu bilan birga, u so‘nggi haftalarda Ukrainaning Xarkiv viloyatida yuzaga kelgan frontdagi og‘ir vaziyatni esladi.

Ertasi kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel Stoltenbergning fikriga qo‘shildi. Ukrainaga Rossiya hududidagi nishonlarni yo‘q qilish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga ruxsat berish «urush me’yorlariga ko‘ra mutlaqo mumkin» va xalqaro huquqqa zid emas, dedi u. Borrelning so‘zlariga ko‘ra, bunday qaror tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayrim davlatlar cheklovlarni Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarning yanada keskinlashuvi xavfi bilan oqlaydi, biroq ukrainaliklar keskinlashuv tahdidi bilan o‘zlarini himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin emas, deya qo‘shimcha qildi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

Germaniya - Ukrainaning Rossiya hududiga zarba berishiga qarshi

Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarni mo‘ljalga olish uchun Kiyevga topshirilgan qurollardan foydalanishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni hozirgacha rad etgan davlatlar qatorida, xususan, Germaniya va Italiya ham bor. Shu tariqa, Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga Germaniyadan kelgan qurollar bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga yana ruxsat bermadi. Bugun Berlin va Kiyev «qurol uzatish bo‘yicha aniq qoidalarga kelishib oldilar, biz buni amalga oshiramiz», dedi Shols. O‘z navbatida, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni Stoltenbergning bayonotlarini tushunmasligini aytdi va ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Germaniyadagi hukmron koalitsiya va muxolifatdan bir qator siyosatchilar Ukraina uchun cheklovlarni olib tashlash tarafdori bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron bu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Qo‘shma Shtatlar Rossiya Federatsiyasidagi nishonlarga Amerika qurollari bilan hujum qilinishiga qarshi.

Ko‘proq yangiliklar: