AQSh davlat kotibi Entoni Blinken G‘arbning Ukrainaga harbiy yordami yetkazilishini «moslashtirishga» va’da berdi. 29 may, chorshanba kuni Moldovaga tashrifi chog‘ida jurnalistning Blinken Ukrainaning Rossiya hududiga bergan zarbalarini ma’qullaydimi, degan savoliga u: «Biz har qadamda kerakli tuzatishlarni kiritdik», deb javob berdi. Avvalroq bir qator OAV Entoni Blinken AQSh prezidenti Jo Baydenni Ukrainaga Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat berishga chaqirayotgani haqida xabar qilgan edi.
Moldovaga tashrifi chog‘ida – Pragadagi NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishiga ketayotib, AQSh davlat kotibi Rossiyaning Ukrainaga qurolli hujumi ortidan shartlar, jang maydonidagi vaziyat o‘zgargani, Rossiya ham eskalatsiya siyosatini o‘zgartirgani va shuning uchun AQSh ham tuzatishlar kiritganini aytdi.
Blinken: Ukraina o‘zini samarali himoya qila oladi
«Biz doimo tinglaymiz, xulosalar chiqaramiz va Ukraina o‘zini samarali himoya qilishda davom etishi uchun zarur qarorlarni qabul qilamiz», — deya qo‘shimcha qildi AQSh davlat kotibi. U AQShdan qurol yetkazib berish Ukrainaga muvaffaqiyat keltirishiga ishonch bildirdi.
«Biz Ukrainani muvaffaqiyat sari yetaklash, uni harbiy, iqtisodiy va demokratik jihatdan oyoqqa turgan davlatga aylantirish uchun eng yaxshi yo‘ldamiz va bu janob Putinga berilgan eng yaxshi xabar», — deya qo‘shimcha qildi Blinken.
Vashingtonning Moldovani qo‘llab-quvvatlashi
Entoni Blinken, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Rossiya bosimi va qo‘rqitishlari fonida Moldovani so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi. Kishinyov energetik mustaqillikdan tortib demokratiyani ilgari surishgacha bo‘lgan sohalarda yordamga ishonishi mumkin.
«Qo‘shma Shtatlar Moldova xalqi kelajagi va rivojlanish yo‘nalishini o‘zi belgilashini ta’minlash niyatida», - deya ta’kidladi Blinken prezident Bayden Kishinyovga yordam berish, jumladan, bo‘lajak saylovlarda kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun yana 50 million dollar so‘raganini eslatib o‘tdi.