Tailand hukumati bir qator mamlakatlardan kelgan sayyohlar uchun viza talablari bekor etilishini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Bangkok Post.
Ushbu tashabbus qirollikning turizm industriyasini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasining bir qismidir. Tailand hukumati vakili Chay Vacharonning so‘zlariga ko‘ra, vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar ro‘yxati 57 tadan 93 taga ko‘paymoqda.
O‘zbekiston vizasiz rejim amal qiluvchi 36 ta yangi davlatdan biri bo‘ldi. China Daily xabariga ko‘ra, ro‘yxatga Hindiston, Kamboja, Laos, Qozog‘iston va boshqa davlatlar ham kiritilgan.
Ro‘yxatga kiritilgan mamlakatlar fuqarolari uchun vizasiz qolish muddati 30 kundan 60 kungacha uzaytiriladi. Yana 31 (hozir 19) davlat pasporti egalari kelganlarida viza olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, hukumat raqamli sohalarda masofadan turib ishlaydigan chet el fuqarolari uchun Destination Thailand Visa vizasining yangi turini («raqamli ko‘chmanchilar») joriy qiladi.
Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, viza yig‘imlaridan tushadigan daromad taxminan 12,3 milliard batga (335 million dollar) qisqaradi. Biroq, bu yo‘qotishlar turizm sanoatidan tushadigan daromadlarning ortishi bilan qoplanadi.
2024 yil fevral holatiga ko‘ra O‘zbekiston aholisi dunyoning 31 davlatiga, jumladan Eron va BAAga vizasiz kirishi mumkin. Yana 28 davlat, shu jumladan o‘sha vaqtda Tailand ham fuqarolarga aeroportda vizalar bergan.