Shveytsariyadagi tinchlik sammitida Ukraina tinchlik formulasining uchta bandi ko‘rib chiqiladi

Jahon 21:18 / 29.05.2024 3702

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Shveytsariyada bo‘lib o‘tadigan sammitda bor-yo‘g‘i uchta masala ko‘rib chiqilishini aytdi. Ular orasida Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish talabi yo‘q. 

Zelenskiyning ta’kidlashicha, tinchlik rejasining 10 ta bandidan 3 tasi sammitga taqdim etiladi. 

«Biz uchta yo‘nalishni oldik. Ular orasida yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat xavfsizligi va gumanitar yo‘nalish mavjud. Shuningdek, Rossiya tomonidan o‘g‘irlangan va Rossiyaga majburan olib ketilgan bolalarni qaytarish masalasi ham bor. Ya’ni, bu uchta punkt juda muhim. Balki biz yadroviy xavfsizlik va Ukrainaning energetika sektoriga qilingan hujumlar haqida ham gaplasharmiz», dedi u. 

Zelenskiy ushbu punktlarga batafsil to‘xtalmadi. Biroq, manbaning qayd qilishicha, yadroviy energetika xavfsizligi rus qo‘shinlarini Zaporijjya AES hududidan olib chiqilishini, oziq-ovqat xavfsizligi Ukraina portlariga kemalarning xavfsiz kirib-chiqishini ta’minlashni, gumanitar yo‘nalish esa bolalarni qaytarishdan tashqari, mahbuslarni almashishni ham nazarda tutishi mumkin. 

«Biz ushbu uch bandni batafsil ishlab chiqishimiz, keyin ularni Rossiya vakillariga topshirishimiz va ular bu bandlarni amalga oshirishga qay darajada tayyor ekanligini ko‘rishimiz kerak», dedi Zelenskiy. 

Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ushbu bandlarni bajarish majburiyatini olsa, tinchlik rejasining qolgan bandlarini ham qabul qilishi mumkin. 

15-16 iyun kunlari Shveytsariyada Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tadi, unga 160 davlatdan delegatsiyalar taklif etilgan. Rossiya sammitga taklif etilmagan. Rossiya tomoni taklifnoma olgan taqdirda ham tadbirda qatnashmasligini oldindan ma’lum qilgan. 

Taxminlarga ko‘ra, «global janub»ning ba’zi davlatlari sammitga o‘z delegatsiyalarini jo‘natishini ma’lum qilgan. Masalan, Hindiston. Lekin shu bilan birga, Zelenskiy taklif qilgan tinchlik formulasining ayrim punktlarini ular qabul qilmasligi mumkin. Masalan, Rossiya qo‘shinlarining 1991 yildagi chegaralarga olib chiqish va tovon puli to‘lash kabi. 

Ta’kidlanishicha, sammit to‘liq muvaffaqiyatsiz tugamasligi uchun Zelenskiy yuqoridagi «kichik paket»ni taklif qilgan. Bu nazariy jihatdan G‘arb va boshqa davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘lgan shartlarni o‘z ichiga oladi. Keyin esa ularni xalqaro jamoatchilik talabi sifatida Rossiyaga jo‘natilishi mumkin. 

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar uchun 2022 yil martida kelishilgan shartnoma loyihasi asos bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari Zelenskiy taklif qilgan, jumladan, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqish, Ukrainaning 1991 yilgi chegaralarini tiklash va tovon pulini to‘lashni o‘z ichiga olgan tinchlik rejasini qabul qilmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: