Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishing.
G‘azodagi vaziyat
Isroil tanklari Rafah markaziga kirib borgan va shahar g‘arbidagi evakuatsiya zonasiga zarba bergani ta’kidlanmoqda. Oqibatda 21 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan.
Bu — Isroil aviatsiyasining yakshanba tunidagi dahshatli zarbasidan keyingi ilk hodisa, deb xabar berdi Reuters.
HAMAS sog‘liqni saqlash idorasining xabar qilishicha, halok bo‘lganlarning 12 nafari ayollar. Isroil armiyasi mas’uliga ko‘ra, Isroil tomoni hodisa haqida hech qanday ma’lumotga ega emas.
Guvohlarning aytishicha, Rafah markazidagi shaharning diqqatga sazovor joyi Al-Avda masjidi yaqinida pulemyotlar o‘rnatilgan tanklar va zirhli texnikalar ko‘zga tashlangan. Isroil harbiylari o‘z kuchlarining Rafah hududida operatsiyani davom ettirayotganini aytgan, ammo shahar markaziga o‘tganlar haqida izoh bermagan.
Seshanba kungi hujum Isroil tomonidan kengaytirilgan humanitar maydon sifatida belgilangan hududda sodir bo‘ldi. Isroil may oyi boshida hujum boshlaganida Rafahdagi tinch aholini u yerdan evakuatsiya qilinishga chaqirgan edi.
Isroil uch hafta oldin Misr bilan Rafah chegara punkti nazoratini qo‘lga kiritish orqali o‘z bosqinini boshladi. Shu sababli tanklar chekka hududlarni kuzatib, ba’zi sharqiy tumanlarga kirgan, biroq shaharga hali to‘liq kuch bilan kirib kelmagan edi.
Isroilning uch haftadan buyon Rafah hududida davom etayotgan operatsiyasi xalqaro hamjamiyatda norozilik uyg‘otmoqda. Bu norozilik, ayniqsa, yakshanba kuni 45 kishining hayotiga zomin bo‘lgan hujumdan keyin keskin kuchaydi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ham qochoqlar lagerida yong‘in keltirib chiqargan va kamida 45 kishi halok bo‘lishiga olib kelgan zarbani tan oldi.
Isroil parlamentida chiqish qilgan Netanyahu Rafahga raketa zarbasi berilayotganda «ayanchli xatoga yo‘l qo‘yilgani»ni tan oldi. U aynan qanday xato ekani haqida gapirmadi, lekin holat tekshirilayotganini aytdi.
«Tinch aholi vakillariga zarar yetkazmaslik bo‘yicha qilayotgan ishlarimizga qaramay, kecha tunda ayanchli xato sodir bo‘ldi. Holatni tekshiramiz va xulosa qilamiz. Bizning siyosatimiz shunaqa», dedi Netanyahu.
Seshanba kuni Isroilning Rafahga ajalvor zarbasidan keyin BMT xavfsizlik kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Yopiq eshiklar ortidagi uchrashuvni xavfsizlik kengashining vaqtincha a’zosi Jazoir chaqirtirgan.
Qayd etib o‘tish kerak, Isroilning G‘azodagi zulmi sabab Falastinni 1967 yilgi chegaralarda mustaqil davlat sifatida tan olishini e’lon qilgan Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaning qarorlari rasman kuchga kirdi. Yaqin muddatlarda Sloveniya va Malta ham shu qarorga kelishi kutilmoqda. Biroq Daniya parlamentiga shu masala kiritilganida, deputatlar bunga qarshi ovoz berishgan.
Ukrainadagi vaziyat
Ukraina shu yilning o‘zida Belgiyada muzlatilgan Rossiya aktivlaridan 1,7 mlrd yevro daromadlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Bu haqda Belgiyaga xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risida bitimni imzolash uchun borgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ma’lum qilgan.
O‘tgan yilning oktyabr oyida Belgiya hukumati rahbari Aleksander de Kroo mamlakatda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus fond tuzilgani va u Belgiyada muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olinadigan soliqlar hisobiga to‘ldirib borilishini e’lon qilgan edi.
Shveytsariyada iyun oyi o‘rtalarida o‘tkaziladigan Ukrainada tinchlik bo‘yicha xalqaro sammitda 70 dan ziyod davlatlar ishtirok etishini ma’lum qilgan. Zelenskiy Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping ham ishtirok etishidan umidvorligini bildirgan.
Jo Bayden sammitga kelmasligi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘layotganiga reaksiya bildirar ekan, Zelenskiy agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa Putin tik turib qarsak chalishini ta’kidlagan.
Sammit Yevropa Ittifoqi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
«Bu sammitning maqsadi biz uchun juda muhim, chunki biz uni bo‘lajak tinchlik jarayonlari uchun ilhomlanish manbasi sifatida ko‘rmoqdamiz. Yevropa Ittifoqi tadbir butun dunyodagi hamkorlarimiz bilan imkon qadar kengroq vakillar ishtirokida o‘tkazilishini ta’minlash uchun sa’y-harakat qilmoqdamiz. 70 dan ortiq davlat sammitda qatnashish majburiyatini o‘z zimmasiga olib bo‘lgan», — degan Yevropa Kengashi Komissiyasi matbuot kotibi Peter Stano.
Putinning Yevropaga tahdidi
Rossiya prezidenti NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenbergning Ukraina tomonidan g‘arb qurollarini Rossiya hududida joylashgan nishonlarga qarshi ishlatishga taqiq olib tashlanishi haqidagi so‘zlariga izoh bildirdi.
«Stoltenberg garchi oddiy fuqaro bo‘lsa ham harbiy-siyosiy tashkilotni boshqarayotgan inson sifatida uzoq masofalarga ucha oladigan yuqori aniqlikdagi qurollardan kosmik razvedka vositalarisiz foydalanib bo‘lmasligini bilishi kerak», — degan Putin.
Rossiya prezidentiga ko‘ra, 500 km olisdagi nishonlarni ura oladigan Storm Shadow zarbdor tizimlari bilan bog‘liq holatda nishonli tanlash va parvoz vazifasi «ukrainalik harbiy xizmatchilarning biror ishtirokisiz» amalga oshiriladi.
«Bularni kim qiladi unda? Bularni o‘sha zarbdor tizimlarni ishlab chiqarayotgan va ularni go‘yoki Ukrainaga yetkazib berayotganlar amalga oshirishadi. Bu ishlar ukrainalik harbiy xizmatchilarning mutlaqo ishtirokisiz amalga oshirilishi mumkin, shunday bo‘lyapti ham», — degan Rossiya yetakchisi.
«Nima demoqchiman. NATO mamlakatlarining bu vakillari, ayniqsa Yevropadagilar, ayniqsa kichik davlatdagilar, umuman, nima bilan o‘ynashayotgani borasida o‘zlariga hisob berishlari lozim. Ular hududi uncha katta bo‘lmagan, aholisi zich joylashgan davlat ekanliklarini esdan chiqarmasligi kerak. Bu — Rossiya hududining ichkarisiga zarba berish haqida gapirishdan avval ular inobatga olishi lozim bo‘lgan omil», — degan Putin bunday hujumlarga yadroviy qurol bilan javob qaytarilishiga shama qilib.
Yyens Stoltenberg Bryusselda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashuv oldidan Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilayotgan qurollardan Rossiya hududidagi «legitim nishonlar»ga zarba berish imkoniyatga ega bo‘lishi, aks holda Ukraina qurolli kuchlarining qo‘llari bog‘liq bo‘lishi va ular samarali himoyalana olmasligi haqida aytib o‘tgan edi.
Ayrim davlatlar, xususan AQSh va Belgiya o‘zlari yetkazib berayotgan qurollardan Rossiya hududiga zarba berish uchun Ukrainaga ruxsat bermasliklarini ta’kidlashgan. Masalan, Boltiqbo‘yi davlatlari va Chexiya bunga ruxsat berishga rozi.
Yevropa Ittifoqining xalqaro ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelga ko‘ra bunday qarorni har bir mamlakat alohida chiqarishi, alyans a’zosi bunga rozi bo‘lish yo bo‘lmaslik borasidagi majburiyatni mustaqil o‘z zimmasiga olishi kerak.
Gurjistonda veto bartaraf etildi
Gurjiston parlamenti mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili tomonidan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunga qo‘yilgan vetoni bartaraf qildi.
Prezident vetosini bekor qilish uchun hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasidan 84 deputat ovoz berdi, garchi kamida 76 ovoz zarur bo‘lsa ham.
Konstitutsiyaga ko‘ra, qonun endi 3 kun ichida prezidentga taqdim etilishi kerak. Agar u rad etsa, parlament spikeri qonunni imzolashi mumkin va u besh kun ichida kuchga kiradi.
Deputatlar yig‘ilishi chog‘ida Gurjiston parlamenti binosi yaqinida yana namoyishchilar to‘plana boshlagan. Politsiya ularni binodan uzoqlashtirishga uringan. Odamlar «xoinlar» deb qichqirishgan.
Qonun Gurjistonda «chet el agentlari» reyestrini yaratishni nazarda tutadi, unda 20 foizdan ortiq xorijdan moliyalashtiriladigan barcha notijorat yuridik shaxslar va ommaviy axborot vositalari ko‘rsatiladi.
Ushbu qonun loyihasi keng ko‘lamli norozilik namoyishlari tufayli 2023 yil martida olib qo‘yilgan edi. Ammo hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi tomonidan 2024 yil aprelida parlamentga qayta kiritildi.
14 may kuni Gurjiston parlamenti uni uchinchi o‘qishda ma’qulladi. 18 may kuni Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili qabul qilingan qonunga veto qo‘yib, uni «mohiyati va ruhi jihatidan rossiyaparast» deb atadi. Biroq, vetoni bartaraf qilish uchun parlamentdagi ko‘pchilik ovoz yetarli edi.
Veto bartaraf etilgach, Gurjiston prezidenti Salome Zurabishivili referendum o‘tkazishga chorlagan. Buning uchun 200 mingta imzo to‘planishi kerak.