Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy konstitutsiya va boshqa qonunlarga muvofiq mamlakatda harbiy holat tugagunga qadar davlat rahbari bo‘lib qoladi, dedi 28 may, seshanba kuni Oliy rada raisi Ruslan Stefanchuk. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘zini va Ukraina parlamentini mamlakatdagi «yagona qonuniy hokimiyat» deb atagan so‘zlariga shunday munosabat bildirdi.
«Men qiziquvchan o‘quvchilarga konstitutsiyamiz matnini o‘rganishni va 108-moddaning 1-qismiga e’tibor berishni tavsiya qilaman: «Ukraina prezidenti o‘z vakolatlarini Ukrainaning yangi saylangan prezidenti lavozimiga kirishgunga qadar amalga oshiradi». Demokratik jamiyatlarda bu hokimiyatning uzluksizligi deyiladi», - deb yozdi Stefanchuk Facebook’da.
Vladimir Putin matbuot anjumanida «dastlabki baholashga ko‘ra», Ukrainada «yagona qonuniy hokimiyat parlament va Rada spikeri bo‘lib qolayotganini» aytdi. Shu bilan birga, Putin Ukraina konstitutsiyasining 111-moddasiga ishora qildi, unga ko‘ra, saylovlar o‘tkazilmaydigan harbiy holat tufayli prezidentlik muddati tugaganidan keyin oliy hokimiyat vakolatlari parlament spikeriga o‘tkaziladi.
Zelenskiyning o‘zi avvalroq jurnalistlarga «Rossiyaning Ukraina prezidentining noqonuniyligi haqidagi bayonotlari» zerikarli va unga qiziq emasligini aytgan edi.
Ukrainada harbiy holat joriy etilgani sababli prezidentlik saylovlari e’lon qilinmadi
Volodimir Zelenskiy 2019 yilning 20 may kuni Ukraina prezidenti lavozimiga kirishdi. 5 yil muddatga saylanadigan davlat rahbarining navbatdagi saylovi 31 mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq, Oliy rada ularni e’lon qilmadi, chunki mamlakatda Rossiya hujumidan keyin harbiy holat joriy qilingan. Ukraina rahbarining o‘zi 2023 yilning noyabrida «hozir saylov vaqti emas», degan edi.
Rossiyalik siyosatchilar va targ‘ibotchilar Zelenskiyning Ukraina davlati amaldagi rahbari sifatidagi qonuniyligiga bir necha bor shubha bildirishgan. Uning endi Ukrainaning qonuniy prezidenti emasligi, xususan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va sobiq prezident Dmitriy Medvedev tomonidan aytilgan.