O‘zbekiston xokkey milliy jamoasi 2025 yildan boshlab, Xalqaro xokkey federatsiyasi (IIHF) tomonidan tashkil etiladigan jahon chempionatining eng quyi – IV divizionida ishtirok etadi. Bu haqda IIHF taqvimida ma’lumot berilgan.
O‘zbekiston xokkeychilariga Eron, Kuvayt, Indoneziya, Malayziya va Armaniston xokkeychilari raqib bo‘ladi. Musobaqaning o‘tkazilish sanasi va joyi hali belgilanmagan. Bu O‘zbekiston xokkey milliy jamoasi uchun tarixdagi birinchi turnir bo‘ladi.
O‘zbekiston xokkey federatsiyasi 2019 yildan buyon IIHF a’zosi hisoblansa-da, hali milliy terma jamoa yo‘q. Chunki qatorasiga 3 yil davomida ichki chempionat o‘tkazish sharti bajarilishi lozim. Bu yil ushbu shart bajarilishi kutilmoqda.
Ayni paytda O‘zbekistonda 18 yoshgacha bo‘lgan xokkeychilarning terma jamoasi bor. U ikki marta Osiyo va Okeaniya Kubogida g‘alaba qozongan.