IHeS Zarema Musayevaga 52 ming yevro tovon puli tayinladi

Jahon 11:01 / 29.05.2024 5284

Rossiya hukumati chechen muxolif faollarining onasi Zarema Musayeva va uning oila a’zolariga nisbatan Inson huquqlari bo‘yicha konvensiyaning bir qancha bandlarini buzgan. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) 28 may, seshanba kuni o‘z saytida e’lon qilgan qarorda aytiladi. IHeS Musayevaga 52 ming yevro miqdorida tovon puli tayinladi. 

Xususan, Rossiya Yevropa konvensiyasining 18-moddasi bilan birgalikda 5-moddani buzgan, chunki Musayeva jinoyat uchun emas, balki uni va yaqinlarini qo‘rqitish maqsadida qo‘lga olingan. Sud qarorida Checheniston rasmiylarining Musayeva oilasiga ommaviy tahdidlari haqida so‘z boradi, bu esa Konvensiyaning 2-moddasini buzish hisoblanadi. 

Bundan tashqari, Rossiya rasmiylari Zarema va uning qarindoshlariga nisbatan Konvensiyaning 3-moddasini buzgan, ular ayol Chechenistonga majburan olib ketilganda g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi munosabatga uchragan. 

Shuningdek, IHeS Zarema Musayevaning turmush o‘rtog‘i va qizi Saydi hamda Aliya Yangulboyevlarga nisbatan jismoniy kuch qo‘llangani va tegishli tergov o‘tkazilmagani sababli ularga 6500 yevro tovon puli tayinlashga qaror qildi. 

Zarema Musayevaning o‘g‘irlanishi 

2022 yil yanvar oyida o‘zini Checheniston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari deb tanishtirgan noma’lum shaxslar Zarema Musayevaning Nijniy Novgoroddagi xonadoniga bostirib kirib, ayolni majburan Grozniyga olib ketishgan. Musayevaning oilasi Checheniston rahbari Ramzon Qodirovning yaqin tarafdorlarini uni o‘g‘irlashda aybladi, u esa Yangulboyevlar oilasi a’zolarini «yo qamoqxona, yo yer osti kutyapti», deb javob qaytardi. Zarema Musayeva sud qarorini kutar ekan, bir yildan ko‘proq vaqtni tergov hibsxonasida o‘tkazdi. Bu vaqt ichida, huquq himoyachilariga ko‘ra, uning sog‘lig‘ida jiddiy muammolar paydo bo‘la boshlagan. 

2023 yil iyul oyida Musayeva Grozniy sudi tomonidan firibgarlik va politsiya xodimiga ko‘chirish vaqtida zo‘ravonlik qo‘llaganlik aybi bilan 5,5 yilga umumiy rejimli koloniyaga hukm qilingan. Apellyatsiya shikoyatidan so‘ng Checheniston Oliy sudi jazoni 5 yil koloniyadagi jazo bilan almashtirdi. 2024 yil mart oyida Pyatigorskning beshinchi kassatsiya sudi hukmni almashtirib, qamoq muddatini uch oyga - 4 yil-u 9 oyga qisqartirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: