Daniya parlamenti Falastinni tan olish haqidagi rezolyutsiyani rad etdi

Jahon 13:30 / 29.05.2024 3972

Daniya parlamenti 28 may, seshanba kuni Falastin davlatini tan olish haqidagi rezolyutsiya loyihasini ko‘pchilik ovoz bilan rad etdi. Hujjatning qabul qilinishiga 83 deputat qarshi chiqdi, 21 nafari yoqlab ovoz berdi, yana ikki nafari betaraf qoldi, deb xabar beradi Daniya parlamenti sayti. 

Falastin davlatini tan olish taklifi shu yil fevral oyi oxirida to‘rtta muxolifat partiyasi tomonidan ilgari surilgan edi. Aprel oyida parlamentda loyihaning birinchi muhokamasi chog‘ida tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen Daniya «mustaqil Falastin davlatini tan ololmaydi, chunki buning uchun hech qanday dastlabki shartlar yo‘q» dedi. «Biz bu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlay olmaymiz, biroq biz buni qila oladigan kun kelishini istaymiz», - deya Rasmussen so‘zlarini keltirgan Reuters. 

Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya Falastinni rasman tan oldi 

Ayni paytda, Falastin 28 may kuni Norvegiya, Ispaniya va Irlandiya tomonidan rasman mustaqil davlat sifatida tan olindi. Ikki kun avval Norvegiya tashqi ishlar vaziri Espen Bart Eyde Bryusseldagi uchrashuvda Falastin milliy ma’muriyati bosh vaziri Muhammad Mustafoga tasdiqlovchi hujjatni taqdim etgan edi. Uning fikricha, agar boshqa davlatlar Norvegiyadan o‘rnak olsa, bu qaror Yaqin Sharqdagi mojaroni «tinch yo‘l bilan hal etish uchun katta turtki berishi» mumkin. 

Isroil Falastin davlatini tan olishga mutlaqo qarshi. Yaqinda Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan Falastin ma’muriyati suveren davlat bo‘lish uchun zarur bo‘lgan mezonlarga javob bermasligini aytib o‘tdi.

Germaniya hozircha Falastin davlatini tan olish niyatida emasligini aytdi. AQSh prezidenti Jo Bayden ham Falastin bir tomonlama tan olinishini rad etdi.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi. 

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 36 mingga yaqin falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: