Belgiya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilayotgan barcha qurollar, jumladan, F-16 qiruvchi samolyotlari Ukraina hududida qo‘llanishi kerak. Bu haqda Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo 28 may, seshanba kuni Bryusselda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma imzolanganidan keyin qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya, zirhli texnika va F-16 qiruvchi samolyotlarini taqdim etishni ko‘zda tutadi, mamlakat ulardan dastlabkisini 2024 yilning ikkinchi yarmida topshirish niyatida. «Bizga bir narsa aniq: siz va Ukraina xalqi o‘z aholingizni mutlaqo noqonuniy tajovuzdan himoya qilish uchun to‘g‘ri vositalarga loyiqsiz, - dedi De Kroo Zelenskiyga. - Siz g‘alaba qozonasiz va g‘alaba qozonishingizga yordam berish bizning burchimizdir. Bizning qo‘llab-quvvatlashimiz kuchli va mustahkam bo‘lib qolmoqda, bu urushning natijasi bizning Yevropa manfaatlarimiz, Yevropa qadriyatlarimiz va Yevropa xavfsizligimiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega».
Zelenskiy yana hamkorlarni Rossiyaga ular quroli bilan zarba yo‘llashga ruxsat berishga chaqirdi
Zelenskiy, ba’zi sheriklar Ukrainaga Rossiya hududiga o‘zlari taqdim etgan qurollar bilan hujum qilishni taqiqlaydi, degan savolga javob berar ekan, rus qo‘shinlarining Xarkiv viloyatidagi so‘nggi hujumini eslatdi, ular 10 km ichkarigacha kirib kelgan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari Rossiya Federatsiyasi hududidagi pozitsiyalaridan uzoq masofali qurollar va artilleriya bilan Ukraina Qurolli kuchlari pozitsiyalariga va aholi punktlariga zarba berganda, Ukraina javob qaytara olmaydi, chunki «bizda bunday quroldan foydalanish huquqi yo‘q». Bu Ukraina qurolli kuchlari otishma bosimi ostida chekinishiga, rus qo‘shinlari esa chuqurroq oldinga siljishiga olib keladi.
«Bu sudraluvchi okkupatsiya. Ular aynan shunday prinsipdan foydalanmoqda. Xuddi Xarkivga, oddiy odamlarga qarata zarba berishayotgani kabi, - dedi u. - Ularga hech qanday javob bera olmaymiz. Hattoki razvedkalardan xaritalar, sun’iy yo‘ldosh suratlarini olib, ular qayerda turganini ko‘rib turgan bo‘lsak ham javob bera olmaymiz. Menimcha, bu adolatsizdir».
Shu bilan birga, Zelenskiy Ukraina o‘z sheriklarining qo‘llab-quvvatlashini xavf ostiga qo‘ya olmasligini va shuning uchun ular taqdim etgan qurollardan Rossiya Federatsiyasi hududiga zarba berishda foydalanmasligini ta’kidladi. Shu bilan birga, u yana bir bor chaqiriq bilan chiqdi: «Biz murojaat qilamiz: ularning harbiylariga tegishli hujumlar bilan javob qaytarish imkoniyatini bering».
Ukraina tomoniga ko‘ra, Belgiya Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya, Kanada, Italiya, Niderlandiya, Finlandiya, Latviya va Ispaniyadan so‘ng Ukraina bilan ikki tomonlama xavfsizlik bitimini tuzgan 11-davlat bo‘ldi.