Turkiya sudi rossiyalik faolni o‘ldirishda ayblangan shaxsni oqladi

Jahon 08:35 / 28.05.2024 3234

Turkiyaning Erzurum shahar jinoyat ishlari bo‘yicha birinchi sudi o‘zining qallig‘i, rossiyalik femaktivist Anastasiya Yemelyanovani o‘ldirishda ayblangan Suriya fuqarosi Muhammad Nizar Arnabehni oqladi. Bu haqda 27 may, dushanba kuni «Mediazona» Telegram-kanali marhumaning dugonasi Yuliya Safronovaga asoslanib xabar berdi.

32 yoshli Yemelyanovaning jasadi 2023 yil sentabrida Erzurumdagi ijaraga olingan kvartiradan topilgan, u o‘zining qallig‘i, 29 yoshli Arnabeh bilan ko‘chib kelgan. Erkak qasddan odam o‘ldirishda ayblangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u Yemelyanovani kaltaklagan va oyog‘ini shisha bo‘lagi bilan kesib tashlagan, shundan so‘ng qiz qon yo‘qotib vafot etgan. Turkiya prokuraturasi Arnabeh uchun umrbod qamoq jazosini talab qildi. 

Yemelyanovalar oilasining advokati Begum Osma sud qaroridan afsusda ekanini bildirib, apellyatsiya huquqidan foydalanishga va’da berdi, deb xabar qilmoqda Turkiyaning Gazete Duvar nashri. 

Yemelyanovaning qallig‘i avvaliga qotillikni tan oldi, biroq keyin hammasini rad etdi 

Tergov davomida Anastasiya Yemelyanovaning qallig‘i o‘z ko‘rsatmalarini bir necha bor o‘zgartirgan, deb ta’kidlaydi «Mediazona». Avvaliga Arnabeh janjal kelib chiqqanini, bu vaqtda u Yemelyanovani beixtiyor turtib yuborganini va u shisha stol ustiga qulaganini aytdi. Ammo keyin erkak shisha bo‘lagi bilan qizning oyog‘iga bir necha marta urganini tan oldi. Hatto keyinroq, u o‘sha kuni kechqurun uyda umuman bo‘lmaganini va ishdan qaytib kelganida, qizni kvartirada o‘lik holda topganini da’vo qila boshladi. 

Marhumaning oilasi advokati patologoanatom xulosasini e’lon qildi, unda qiz tanasida ko‘plab yumshoq to‘qimalar jarohatlari va ko‘karishlar qayd etilgan.

Rossiyada Anastasiya Yemelyanova «Yeva qovurg‘alari» gender tengsizligiga qarshi kurash loyihasida ishlagan, urushga qarshi harakatlarda ishtirok etgan va Turkiyada siyosiy mahbuslarga maktublar oqshomlarini uyushtirgan. U 2022 yilda Rossiyadan ko‘chib ketgan.

Ko‘proq yangiliklar: