Qozog‘istonda yoqilg‘i-moylash mahsulotlari bilan ta’minlash darajasi yaxshilangan va rasmiylar qo‘shni mamlakatlarga benzin eksport qilish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev hukumat yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Inform buro nashri.
Satkaliyevning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yilning 4 oyi davomida mamlakatda 5,9 mln tonna neft qayta ishlangan – bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,4 foizga ko‘p. Yilning 4 oyida neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4,28 mln tonnani tashkil etgan (bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 6 foizga kam).
Vazirning aytishicha, to‘rtta zavodda neft mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish reja qilingan:
- Aqtau bitum zavodi – 1 mln tonnadan 1,5 mln tonnagacha (2025);
- Chimkent neftni qayta ishlash zavodi – 6 mln tonnadan 12 mln tonnagacha (2030);
- Atirau neftni qayta ishlash zavodi – 5,5 mln tonnadan 6,7 mln tonnagacha (2027);
- Pavlodar neft-kimyo zavodi – 5,5 mln tonnadan 8 mln tonnagacha (2030).
“Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi ichki bozorning yoqilg‘i-moylash materiallariga o‘sib borayotgan talabni 100 foizga qondirish, shuningdek, neft mahsulotlarini qo‘shni davlatlarga eksport qilish imkonini beradi”, – degan Qozog‘iston energetika vaziri.
Avvalroq, Qozog‘iston hukumati chet el fuqarolari uchun 92 va 93 oktanli benzin narxini 205 tengedan 245 tengegacha (5811 so‘mdan 6945 so‘mga) oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyida 2024 yilda Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga neft xomashyosi yetkazib berish hajmini 1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2023 yil uchun Rossiya va Qozog‘istondan 300 ming tonnadan neft xarid qilish bo‘yicha kelishuvlar tuzgandi.