Nigeriyada qurolli shaxslar 150 dan ortiq kishini o‘g‘irlab ketdi

Jahon 13:10 / 28.05.2024 1978

Nigeriyada jangarilarning Niger markaziy shtatidagi Kuchi qishlog‘iga uyushtirgan hujumi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi, 150 dan ortiq kishi o‘g‘irlab ketildi, bu haqda 27 may, dushanba kuni kechqurun mahalliy hokimiyatga tayanib, AFP agentligi xabar berdi.

«Hujum qilganlar qo‘shni Kaduna shtatidan har birida uch kishi bo‘lgan 100 ga yaqin mototsiklda keldi», dedi mahalliy hukumat rahbari Aminu Najume jurnalistlarga. U uch soat davomida hujumga uchragan qishloq aholisiga yordam bermagani uchun Nigeriya xavfsizlik kuchlarini tanqid qildi.

BMT manbasi, shuningdek, Kuchadan o‘g‘irlab ketilganlar soni 150 kishiga yaqin ekanini taxmin qilmoqda. Ammo Nigeriya favqulodda vaziyatlarni boshqarish davlat agentligi (SEMA) boshqa raqamni keltirdi: 100 dan ortiq kishi. 

Nigeriyada odam o‘g‘irlash 

Nigeriyada «Boko Haram» va «IShIDning G‘arbiy Afrika viloyati» (ISWAP) kabi guruhlar, jumladan, bolalarni o‘g‘irlash bilan shug‘ullanadi. Shu tariqa, mart oyida Kaduna shtatida 300 ga yaqin maktab o‘quvchilari o‘g‘irlab ketilgandi. 

Nigeriya armiyasi jangarilarga qarshi amaliyotlar olib boradi, buning natijasida ba’zan asirlar ozod qilinadi. Masalan, 2015 yil aprel oyida Nigeriya harbiylari Borno shtatida «Boko Haram» guruhi tomonidan asirga olingan 200 nafar qiz va 100 ga yaqin ayol ozod etilganini e’lon qilgan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: