«Iste’fo mumkin emas afv». Erik ten Hagning taqdiri nima bo‘ladi?

Sport 16:07 / 28.05.2024 5662

Klubdagi turli yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun pul tikish, kadrlar masalasida bir qator o‘zgarishlar, hammasi kutilgan va tushunarli qarorlar, ammo bosh murabbiy masalasi bahsli va muhokama uchun juda ochiq bo‘lganidan, uning ortidan keladigan bosimlarga ham dosh bera olish kerak bo‘ladi.

Avvalo, nega shu paytgacha, Retkliff va uning sheriklari omma ko‘z o‘ngida Erik ten Hag masalasini ochiq qoldirayotganiga izoh berish kerak. Menimcha, hammasi to‘g‘ri amalga oshirilmoqda. Ko‘pchilik ushbu noaniqlikni tanqid qilmoqda, lekin qarang, jamoa juda yomon mavsum o‘tkazgan bo‘lsa-da, kubok finali oldidan murabbiyni iste’fosini e’lon qilish – yaxshi yo‘l emas. Murabbiy qolishini rasman bayonot bilan aytish ham noto‘g‘ri yo‘l – chunki, agar finalda ham «MYu» mag‘lubiyatga uchraganda, ten Hagni hech kim olib qolmasdi, shubhasiz. Xo‘sh, unda finaldan keyingi jimlik nimaga?

Tasavvur qiling, jamoa finalda g‘alaba qozonadi va darhol ten Hagga yana imkoniyat berilishi haqida aytiladi. Unda qaror birgina o‘yin natijasidan kelib chiqqanini tan olish bo‘lib qoladi-ku? Bu ham noprofessionallik. Ya’ni INEOS qanday qarorga kelishidan qat’i nazar, vaziyat cho‘zilayotgani tushunarli, birinchidan, tahlillar bir uchrashuv natijasidan kelib chiqmayotganini namoyon qilish, ikkinchidan, hozir bo‘sh bo‘lgan turli murabbiylarni o‘rganib, ularni ten Hag bilan solishtirish.

Endi bir qator mashhur savollarga javob izlab ko‘ramiz.

Jarohatlar rostan ham jiddiy argumentmi?

Ha, ten Hag faoliyatiga baho berishda bu faktorning ahamiyati katta bo‘lishi shubhasiz. Mavsum davomida 60 dan ortiq jarohatlar sodir bo‘ldi, birgina markaziy himoya chizig‘ida 15 xil kombinatsiya sinab ko‘rildi. Deyarli butun mavsum chap qanot himoyachisi mavjud bo‘lmadi va hokazo. Martines safga qaytganida, oz vaqt yanvarda, keyin, so‘nggi turlar, kubok finalida ham «MYu» nisbatan ancha yaxshi o‘yin ko‘rsata olgani ham jarohatlar ten Hagga jiddiy xalaqit berganini ko‘rsatadi. Gap bu yerda faqat maydonga tusha olmagan futbolchilarning sonida ham emas. Misol uchun Martines nafaqat oddiy markaziy himoyachi, balkim umuman o‘yin uslubiga ta’sir ko‘rsatadigan murvat hisoblanadi. Ten Hag futboli yuqori pressingga asoslangan, Martines – Varan juftligisiz esa buning iloji yo‘q. Maguayr, Evans yoki Lindelyof kabi himoyachilar asosan quyi blokda samarali hamda yuqori tezlikka ega emas. Bu futbolchilar bilan bild-ap, ya’ni himoyadan hujumga aniq paslar bilan chiqish ham qiyinroq. Onana ham aslida aynan oyoqda to‘pni yaxshi nazorat qilishi, pas berish bo‘yicha De Xeadan yaxshiroq ekani uchun ham sotib olingan. Jarohatlar natijasida, murabbiy ikki asosiy qurollarining biridan mahrum bo‘ldi.

Transferlar

Ten Hagga qo‘yiladigan eng katta ayblardan biri. Antoni, Kazemiro, Maunt kabi futbolchilarga katta pul to‘langani bugungi «MYu» tarkib jihatidan peshqadamlardan uzoq ekanining sabablaridan biri sifatida ko‘rsatiladi. Axir shu futbolchilarga sarflangan bir necha yuz millionga raqobatbardosh, chindanam kuchli tarkib tuzish ham mumkin edi-ku?

Albatta, to‘g‘ri ayblov, ammo bu ham klubda yaxshi tizim yo‘lga qo‘yilmaganini ko‘rsatadi. Aslida transferlarga, ayniqsa narxlarga murabbiy javob bermasligi kerak. «Ayaks»ning o‘zi 60 million baholab turgan futbolchiga 100 millionni, shartnoma muddati bir yilgina qolgan Mauntga 70 millionni ten Hag bermagan. Tabiiyki, har qanday murabbiy yangi futbolchilarga qarshi bo‘lmaydi, imkon qadar tarkibi kuchliroq bo‘lishini istaydi. Pullarni to‘g‘ri sarflab, tarkib shakllantirish ustida ishlash avvalo sport bo‘limining vazifasi bo‘lishi kerak. Bu bo‘lim «Old Trafford»da yo‘q.

Shuningdek, Kobbi Maynu va Garnacho so‘nggi ikki yilda «MYu»da deyarli tekinga paydo bo‘lgan aktivlar Erik ten Hagning xizmatidir. Tanganing bu tomonini ham inobatga olish kerak.

Ten Hag eplay olmadimi?

Albatta, hech kim jarohatlardan kafolatlanmagan. Yaxshi murabbiy bir yoki bir nechta futbolchining mavjud emasligidan bu qadar tubga tushib ketmasligi lozim. Natijalarda niderlandiyalik murabbiyning ham bevosita xato qarorlarining ulushi ham ko‘p. Finaldan keyin u doim agar hamma formada bo‘lsa, jamoa yaxshi o‘yin ko‘rsata olishini aytib kelganini ta’kidladi, lekin murabbiy shu bilan birga, mavjud futbolchilar bilan ham maksimal o‘yinni ko‘rsata olishi kerak.

Masalan, yuqorida aytdik, bu himoyachilar bilan yuqori pressing imkonsiz. Ten Hag bor futbolchilardan kelib chiqish o‘rniga, ham yuqori pressing, ham quyi blokni aralashtirdi, bu esa maydon markazida juda katta bo‘shliq paydo qildiki, dangasa bo‘lmagan hamma jamoa foydalandi. Saviyadan qat’i nazar, sal bo‘lsa-da, o‘z o‘yiniga ega har qanday jamoa «MYu»ni jazoladi. Axir ancha zichroq bo‘lgan va pressingga ham sharoit yaratadigan 4-2-2-2 sxemasi bilan «Nyukasl», «Brayton» va «Siti» mag‘lub etildi, nega avvalroq bu eksperimentlar amalga oshmadi?

Kadrlar masalasida ham shu gap. Amad yoki Amrabat kabi futbolchilar allaqachon foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan paytda, Reshford va Kazemiroga ortiqcha ishonib yuborilgani, ya’ni, turli taktik sxemalar va rotatsiyalar orqali optimal yechim topish o‘rniga ten Hag jarohatlangan futbolchilarning qaytishini kutish bilan vaqt o‘tkazgani mavsumni hal qildi.

Ten Hag – krizis menejer emas.

Rostan ham «MYu» bu mavsum ham jarohatlar, ham turli futboldan tashqari sabablardan tashqari inqirozga tushib qoldi. Ten Hag bu sharoitda jamoani olib chiqish o‘rniga, u bilan birga inqirozga g‘arq bo‘ldi. Bu tushunarli.

Ammo birinchi savol, inqiroz sharoitida hamma murabbiy ham ishlay oladimi? Anchelotti, ha, isbotladi, Klopp esa, ikki marta «Liverpul» jarohatlar girdobida to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni oldi. To‘g‘ri, «MYu» qadar tubga tushmadi, ammo «Liverpul» o‘sha inqirozlardan avvalgi mavsumlarda chempion jamoa bo‘lgan. Farq sezilarli. Ayni damdagi har qanday murabbiy, Pep Gvardioladan tashqari, faoliyatida bir marta bo‘lsa ham iste’foga chiqarilgan. Nega? Albatta, qandaydir inqirozni hal qila olmagani tufayli. O‘sha inqiroz «MYu»dagidan kattaroqmidi? Solishtirish qiyin.

Ikkinchi savol, bir murabbiyning inqiroz sharoitida vaziyatni eplay olmagani, uning yaxshiroq sharoit uchun ham yomon ekanini isbotlaydimi? Yo‘q, albatta. Balkim, ten Hag o‘sha o‘zining yagona uslubi doirasida hali ham top-murabbiydir, balkim, agar rostan ham jarohatlar bo‘lmaganda, yaxshiroq tarkib bilan u yuqori o‘rinlar uchun kurashardi, xuddi o‘tgan yilgi kabi?

U holda klub egalari jamoada inqiroz bo‘lmaydigan sharoitni ta’minlab, misol uchun yaxshi shifokorlar shtabi, yaxshi transferlar yordamida ko‘proq saviyali futbolchilarni taqdim qilib, ten Hag uchun noqulay bo‘lgan inqirozni chetlab o‘tish orqali vaziyatni o‘nglash mumkindir? Tan olish kerakki, ten Hag Yevropa darajasida muvaffaqiyatli ishlagan «Ayaks» va hozirgi «MYu» tizimlarini solishtirsak, Niderlandiya klubi ancha barqaror edi.

Nomzodlar bormi?

Bozorda Klopp, Gvardiola, Anchelotti kabi yaqqol top darajadagi nomzodlar yo‘q ekan, mavjud nomzodlarning ten Hagdan yaxshiroq ekanini aytish qiyin. Tuxel va Konte, ha, katta sovrinlar yutgan murabbiylar, ammo xarakter jihatidan risk borligini hamma biladi. Pochettino o‘xshash sharoitda yaxshiroq ishladi, deya olmaymiz. Makkena yoki De Dzerbi kabi murabbiylarning top-klubda, ma’lum natija bosimi ostida qay darajada ishlay olishlari noma’lum va hokazo. Albatta, yaxshiroq qidirilsa, tahlil qilinsa, «MYu»da ten Hagdan yaxshiroq ishlay oladigan murabbiylar juda ko‘p bo‘lishi mumkin, ammo oldindan aniq aytish qiyin.

Aslida iste’fo ro‘y berishi uchun mavjud murabbiydan aniq yaxshiroq variant bo‘lishi ham shart emas ko‘pincha. Jamoa qandaydir boshi berk ko‘chaga kirib qoladi, futbolchilar, muxlislar mazkur muhitdan zerikadi, har tomonlama, bu hamkorlik yakuniga yetgani bilinib turadi. U holatda iste’fo bo‘lishi aniq, yangi murabbiy tanlash esa boshqa, alohida qaror sifatida baholanadi. Ammo ten Hag bilan vaziyat unday emas: murabbiy bir mavsum o‘zini yaxshi ko‘rsatdi, ikkinchisida, ma’lum sharoitlar ostida muvaffaqiyatli ishlay olmadi. Agar murabbiy o‘z rejalarini amalga oshirsa, jamoa qanchalik kuchli bo‘lishi mumkinligi, umuman murabbiyning pik nuqtasi hali amalga oshmadi, loyiha chala. Masalan, Lui van Gaal va Mourino davrida holat biroz boshqacha edi, jamoa nisbatan o‘z cho‘qqisiga chiqib, pasayishga ham ulgurgandi.

Muxlislar ten Hag tarafda

Hatto kubok finalidan oldin ham «MYu»ga muxlisligi bilan mashhur ko‘p mutaxassislar ham ten Hagga yana bir yil imkoniyat berish kerakligini aytayotgandi. Finaldan keyin oddiy muxlislar orasida ham murabbiyning tarafdorlari ko‘paydi. «Uembli»dagi muhit ham klub rahbariyatiga ten Hagning iste’fosi jamoatchilikda noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgani shubhasiz. Eng mashhur United Stand portali so‘rovnomasida ten Hagning «MYu»da qolishiga 85 foiz foydalanuvchi ovoz bergan. Boshqa so‘rovnomalarda ham Erik quvvatlanmoqda. Buning ustiga, ayni damda «Manchester Yunayted» muxlislari uchun bu o‘ringa Erikdan ko‘ra yaqqol favorit bo‘lgan, ko‘proq simpatiya uyg‘ota oladigan nomzodlar ham ko‘rinmayapti.

Katta dilemma

Finaldagi g‘alaba INEOS uchun katta boshog‘riq keltirib chiqargani aniq. To‘g‘ri, yuqorida aytilganidek, birgina o‘yin natijasi ulkan tahlillarni yo‘qqa chiqara olmaydi, buning ustiga, «MYu» «Manchester Siti» kabi jamoalarga qarshi yaxshi o‘ynashi, raqibga qarab tayyorlanib, rejani amalga oshirishi mumkin, ammo asosiy e’tirozlar kichikroq klublar bilan, qachonki raqib «MYu»ga qarshi yaxshi tayyorlanganda yuzaga keldi – Erik ten Hag doim ishlaydigan, doim vaziyat yaratib, natija olib keladigan o‘yin tizimini hali ko‘rsata olmadi. Lekin kubok finali va undan keyingi emotsiyalarni ham butunlay chetga qo‘ya olmaysiz, axir futbol mana shunday sovrinlar va muxlislar uchun emasmi?

Endi qarang, agar Erik ten Hag qoladigan bo‘lsa va kelasi mavsum boshidan yana muammolar ko‘zga tashlansa, aybdor aniq – INEOS birgina finalga qarab qaror chiqarmaslik kerak edi, jamoadagi muammolar kattaroq ekani mavsum davomida ko‘rilgandi.

Agar Erik ten Hag ketadigan bo‘lsa, hamda, bo‘lishi haqiqatga yaqin, jamoa birdaniga zo‘r o‘ynashni boshlamasa, qanaqadir muammolar paydo bo‘lsa, aybdor aniq – INEOS Erik ten Hagga imkoniyat berishi kerak edi, u ikki yil davomida ko‘p narsani isbotlagandi, muvaffaqiyatsizliklar jarohatlar tufayli ekani kubok finalida o‘z ko‘ringandi va hokazo.

Har ikki holatda ham yangi rahbarlar aybdor bo‘ladi. Bu xuddi David de Xea va Onana rokirovkasiga o‘xshab ketadi. De Xeaning xatolari, «MYu» darajasiga mos bo‘lmay qolgani ko‘rinib turgandi, ammo ispaniyalik posbonning salohiyatini bilgan va uni yaxshi ko‘rgan ko‘p muxlislar ketishini istamagan. Shuning uchun Andre Onananing dastlabki oylari juda qiyin kechdi, har bir xatosi de Xea bilan bog‘landi, «agar de Xea qolganida yaxshiroq bo‘lardi» degan jiddiy mulohazalar juda ko‘p bo‘ldi. Aslida de Xeaning ketishi va Onananing kelishi ikki alohida qaror bo‘lsa-da, ispaniyalik posbon jamoada qolishni xohlagani tufayli, ikkovini almashtirish bitta yaxlit qarordek namoyon bo‘laverdi.

Hozirgi vaziyat ham o‘xshash. Erik ten Hag jamoada qolib, o‘z loyihasini davom ettirmoqchi bo‘lib turgan, futbolchi va muxlislar bunga qarshi bo‘lmayotgan bir pallada turibmiz. Mavsumdagi yomon natijalarga ko‘ra murabbiyni iste’foga chiqarish – to‘g‘ri qaror, ammo agar o‘rniga yaxshirog‘i kelmasa, yaxlit olganda, noto‘g‘ri qarorga aylanib qolish xavfi bor. «Erik ten Hagni iste’foga chiqarish» emas, «Erik ten Hagni falon murabbiyga almashtirish» bo‘lib qoladi endi. Bu esa tabiiyki, keyingi ishlaydigan murabbiylarga ham, bu qarorni chiqaradiganlarga ham katta bosim yuklaydi.

Aslini olganda, oxirgi yozganlarim masalaning siyosiy jihati. Aslida, professional tahlilga asoslanib, rostan ham Ten Hag noloyiq yoki qaysidir murabbiy undan yaxshiroq, deb xulosaga kelinsa, kim nima deydi, bu bilan boshqalarga qanday ko‘rinamiz, degan fikrlar kechmasligi kerakdek.

Ammo bu bunday ishlamaydi, futbol ommaviy o‘yin. Tabiiy ravishda omma bilan hisoblashiladi. Sizning qaroringiz qanday argumentlar asosida yuzaga kelishidan qat’i nazar, qachondir shunday qarorlar chiqarish vakolatiga ega bo‘laman, deb falon milliard to‘lab qo‘ygan bo‘lsangiz-da, tepadagi sarlavhamizda bitta vergulga joy topish naqadar qiyin, to‘g‘rimi?

Qahramon Aslanov

Ko‘proq yangiliklar: