Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun: parlament prezident vetosini olib tashlamoqchi

Jahon 10:12 / 28.05.2024 4372

Gurjiston parlamentining huquqiy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi prezident Salome Zurabishvilining «Chet el agentlari to‘g‘risida»gi qonun deb ataladigan munozarali «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonuniga qo‘ygan vetosini bekor qilish tartib-taomilini boshlash tarafdori. 27 may, dushanba kuni qo‘mita a’zolari ushbu masalani plenum ovoziga qo‘yish qarorini qo‘llab-quvvatladilar.

Prezidentning vetosi 28 may kungi yalpi majlisda ko‘rib chiqiladi, deb yozadi Newsgeorgia.ge. Taxminlarga ko‘ra, parlamentda ko‘pchilikni tashkil etgan hukmron «Gurjiston orzusi» va u bilan hamkorlik qiluvchi partiyalar deputatlari prezident vetosini bekor etish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari mumkin. 

YeI Gurjistonga «juda aniq signal» berishga chaqirmoqda 

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida bir qator ishtirokchilar Gurjistonning YeI a’zoligiga nomzod sifatidagi maqomini qayta ko‘rib chiqish tarafdori bo‘lishdi. 

Xususan, Litva Tashqi ishlar vazirligi rahbari Gabrielyus Landsbergis bu haqda DW muxbiriga xabar qildi: «Yevropa Ittifoqidan juda aniq signal bo‘lishi kerakki, agar qonun yakuniy tahririda qabul qilinsa, Gurjiston bundan buyon Yevropa Ittifoqiga yo‘lini davom ettira olmaydi». Landsbergisning so‘zlariga ko‘ra, nomzod maqomi bo‘yicha qaror shartlar asosida berilgan va bu shartlar bajarilmasa, nomzod maqomi olib tashlanishi mumkin.

«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun

14 may kuni Gurjiston parlamenti mamlakatdagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasini qabul qildi. Hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi aprel oyida parlamentga kiritganidan buyon ushbu hujjat muxolifat kuchlarining o‘ta salbiy munosabatini uyg‘otdi, ular uni hukumat nazorati ostida bo‘lmagan nohukumat tashkilotlar va mustaqil ommaviy axborot vositalarini «to‘g‘irlash»ga qaratilgan deb hisoblaydilar. 

Yevropa Ittifoqi va Qo‘shma Shtatlar Gurjiston hukumatini ushbu qonunni qaytarib olishga chaqirdi va uning qabul qilinishi Gurjistonning YeIga yo‘lini yopishi haqida ogohlantirdi. Qo‘shma Shtatlar yangi qonun tarafdorlariga qarshi viza sanksiyalari joriy etilishini va Gurjiston bilan hamkorlikni har tomonlama ko‘rib chiqilishini e’lon qildi. Prezident Zurabishvili bu qonunga 18 may kuni veto qo‘ygan. Parlamentda vetoni bartaraf etish tartibi 28 mayga belgilangan.

26 may kuni Gurjiston Mustaqillik kunida Zurabishvili o‘z mamlakatining Yevropa kelajagi va Yevropa integratsiyasining davom etishini qo‘llab-quvvatladi. «Yevropa birorta ham urush boshlagani yo‘q, u bizning davlatimizga o‘z mustaqilligini saqlab qolish va taraqqiyotga erishish imkoniyatini beradi», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: