Ukraina va Belgiya xavfsizlik sohasida hamkorlik va Kiyevni Rossiya hujumini qaytarishda uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzoladi. Bu haqda 28 may, seshanba kuni Belgiya bosh vaziri Aleksandr de Kroo va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi. Ukraina prezidenti Bryusselga rasmiy tashrif bilan kelgan.
Ikkala siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, hujjatda Belgiyaning joriy yilda Ukrainaga 977 million yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatishi, shuningdek, Belgiyaning Kiyevni 10 yil davomida qo‘llab-quvvatlash majburiyati ko‘zda tutilgan.
«Shartnoma Belgiyadan o‘z vaqtida yordam, zamonaviy zirhli texnika, Ukraina havo kuchlari va havo mudofaasi ehtiyojlarini qondirish, dengiz xavfsizligi, minalardan tozalash, artilleriya o‘q-dorilarini yetkazib berish bo‘yicha koalitsiyada ishtirok etish, shuningdek, harbiy tayyorgarlikni kafolatlaydi», dedi Zelenskiy bayonotida.
Zelenskiy: Dastlabki F-16 bu yil Ukrainaga yetib keladi
Bundan tashqari, Belgiya, kelishuvga ko‘ra, Ukrainaga 2028 yilgacha 30 ta F-16 qiruvchi samolyotini beradi, dedi seshanba kuni Belgiya tashqi ishlar vaziri Xoja Labib RTL radiosiga. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, birinchi samolyotlar joriy yilda Ukrainaga yetib keladi. Hujjatda birinchi marta Belgiya Kiyevga yuboradigan qiruvchilarning aniq soni ko‘rsatilgan.
Shartnomada Belgiya rasmiylarining Rossiya muzlatilgan aktivlaridan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatish istagi ham bayon etilgan. «Ukraina uchun Belgiya jamg‘armasi va boshqa mablag‘lar, xususan, Belgiya korporativ soliqlari tomonidan moliyalashtiriladigan, Euroclear markaziy qimmatli qog‘ozlar depozitariysida saqlanadigan hamda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan olingan foyda Ukrainaga doimiy harbiy va fuqarolik yordamini ko‘rsatishga xizmat qiladi», - deyiladi hujjat matnida.
Bir kun avval Zelenskiy Ispaniyaga tashrif buyurdi va u yerda ham ikki tomonlama xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Ispaniya hukumati Ukrainaga bir milliard yevro miqdorida harbiy yordam to‘g‘risida va’da berdi.