OpenAI kompaniyasi yaqinda sun’iy intellektni (SI) odamlarga biroz yaqinlashtiradigan GPT-4o til modelini chiqardi. Shundan so‘ng, internetda odamlar o‘rnini chatbot egallashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, 95 foiz ehtimollik bilan GPT-4o «ma’lumotlarni kiritish bo‘yicha mutaxassis» o‘rnini bosa oladi, chunki SI «tezroq, aniqroq, tinimsiz va kuniga 24 soat uzluksiz ishlashi mumkin».
Shuningdek, telemarketing, qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, kopirayterlik, rerayting, korrektorlik va boshqa shularga o‘xshash kasblarda ishlaydigan odamlar ham ishsiz qolish xavfi ostida.
Shu bilan birga, chatbot, «ijodiy direktor» kabi sohalarda ojizdir. Sababi - noyob ijodkorlik, qarashlar va jamoalarni ilhomlantirish qobiliyatining yo‘qligi. Shuningdek, neyron tarmoq psixoterapevt, jarroh, o‘qituvchi, aktyor va o‘t o‘chiruvchining o‘rnini bosa olmaydi.
Umuman olganda, amaliy kasblar bilan shug‘ullanadigan odamlar hozircha hech narsadan qo‘rqishi shart emas, chunki noyob ko‘nikma va qobiliyatlar, shuningdek, qo‘l mehnati SI imkoniyatlaridan tashqarida.
SI chatbotlari, xususan, ChatGPT, Copilot va Google Gemini sahnaga chiqqanidan beri, odamlarda ishsiz qolishga shubha kuchaydi. Va bu qo‘rquvlar mutlaqo asossiz emas. Texnologik kompaniyalar so‘nggi 6 oy ichida minglab ish joylarini qisqartirishdi, chunki ular SI tizimlariga e’tiborni kuchaytirdilar. Meta, Google, Apple va Amazon kabi yirik IT kompaniyalari allaqachon minglab xodimlarini ishdan bo‘shatgan.
Jahon texnologiya sanoatidagi bandlikni kuzatuvchi Layoff portali ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi yarim yillikning o‘zida 302 texnologiya kompaniyasi 90 mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatgan.
2024 yil oxirida sun’iy intellekt sohasida inqilobni va’da qiladigan ChatGPT-5 ishga tushirilishi kutilmoqda. Gap sun’iy umumiy intellekt (SUI) tushunchasi haqida ketmoqda. Bu shuni anglatadiki, SI odamlar o‘ylab topishi mumkin bo‘lgan har qanday muammoni hal qilishi mumkin. Bu uni odamdan ajratib bo‘lmaydigan darajaga chiqaradi.