Xitoy Pekin o‘zining bo‘lginchi viloyati deb hisoblagan Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlarni yakunladi. Ikki kun davom etgan manyovrlarda 111 ta samolyot va o‘nlab kemalar ishtirok etdi, deb xabar qildi Xitoy davlat televideniyesi 25 may, shanba kuni.
Pekinning ta’kidlashicha, mashg‘ulotlar Tayvan rahbariyatiga ushbu mintaqa yangi «prezidenti» Lay Tsindening separatistik bayonotlari uchun jazo bo‘ldi. U o‘zining inauguratsion nutqida Tayvan mustaqilligi yo‘nalishini yana bir bor tasdiqlab, Tayvan bo‘g‘ozi ikki tomoni bir-biriga bo‘ysunmasligini ta’kidladi. Pekin buni Xitoy va Tayvan ikki xil davlat degan bayonot sifatida qabul qildi.
Xitoy armiyasining Tayvan yaqinidagi manyovrlarida armiya, dengiz floti, havo kuchlari va raketa qo‘shinlari ishtirok etdi. Xitoy harbiylariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda havo va dengiz patrullari, muhim nishonlarga aniq zarbalar hamda Tayvanga tegishli orollar va undan tashqaridagi operatsiyalar bilan birgalikda armiya bo‘linmalarining jangovar qobiliyati sinovdan o‘tkazildi.
Siyosiy kuch namoyishi
Tayvan Xitoy manyovrlarini aniq harbiy tahdiddan ko‘ra ko‘proq siyosiy kuch namoyishi sifatida qabul qildi. Taybey Xitoy mashqlarini mavjud dunyo tartibiga qarshi «oshkora provokatsiya» deb atadi. Xitoy so‘nggi yillarda Tayvan yaqinida bir qancha mashg‘ulotlar, jumladan, 2022 va 2023 yillarda keng ko‘lamli manyovrlar o‘tkazdi.
Tayvan 1949 yilda fuqarolar urushi tugaganidan keyin materik Xitoydan mustaqilligini e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlar va boshqa G‘arb davlatlari Tayvanni qo‘llab-quvvatlaydi, lekin uning mustaqilligini rasman tan olmaydi. Tayvan suveren davlat sifatida Palau, Tuvalu va Beliz kabi o‘nga yaqin davlat tomonidan tan olingan. Tayvan BMT a’zosi ham emas.
Xitoy, agar kerak bo‘lsa, Tayvanni harbiy kuch bilan o‘z nazoratiga qaytarishga tayyor ekanligini bir necha bor ta’kidlagan.