Tadbirkorlarga subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari reyting darajasidan kelib chiqqan holda taqdim etiladi

O‘zbekiston 18:26 / 25.05.2024 5159

«Tadbirkorlik sub’yektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, yuridik shaxs tashkil etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga subsidiyalar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar (qo‘llab-quvvatlash choralari) ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda joriy etiladi:

Qo‘llab-quvvatlash choralari «V» va undan yuqori reyting darajasiga ega tadbirkorlarga amaldagisiga nisbatan quyidagi miqdorlarda taqdim etiladi:

  • AAA toifa – amaldagi miqdorning 100 foizi;
  • AA toifa – amaldagi miqdorning 90 foizi;
  • A toifa – amaldagi miqdorning 80 foizi;
  • VVV toifa – amaldagi miqdorning 70 foizi;
  • VV toifa – amaldagi miqdorning 60 foizi;
  • V toifa – amaldagi miqdorning 50 foizi;

Qo‘llab-quvvatlash choralari ro‘yxatdan o‘tganiga 6 oy bo‘lmagan, shuningdek, prezident farmoniga muvofiq 4- va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga ularning reyting darajasidan qat’i nazar amaldagi miqdorlarda taqdim etiladi.

Tadbirkorlarning reyting darajasi:

  • pasaygan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish 3 oy davomida saqlab qolinadi;
  • ko‘tarilgan taqdirda, qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi oydan boshlab yangilangan reyting darajasiga muvofiq miqdorlarda taqdim etiladi.

2025 yil 1 yanvardan Subsidiya.mf.uz platformasida tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini o‘z ichiga olgan alohida reyestr yuritiladi.

Ko‘proq yangiliklar: