“Ko‘chirish” nomli kesish – sobiq MXX binosi hududidagi daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat olinmagani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston 14:59 / 25.05.2024 16838

Metropol Group” kompaniyasi Toshkent shahridagi sobiq MXX binosi hududidan emanlarni ko‘chirishga Ekologiya vazirligidan ruxsat so‘ragan. Biroq vazirlik ham, uning quyi organlari ham bunga ruxsat bermagan. Vakolatli organ xodimlarining izohlariga tayanadigan bo‘lsak, daraxtlar noqonuniy tarzda ko‘chirilayotgani ayon bo‘ladi. Ammo negadir bunga hamma tomoshabin bo‘lib turibdi.

Voqea qanday bo‘ldi?

22 may kuni Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh ko‘chasidan ustiga yashil mato yopib olib chiqib ketilayotgan daraxtlar videosi tarqaldi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, daraxtlar sobiq Milliy xavfsizlik xizmati binosi hududidan olinib, Toshkent viloyatining Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasidagi anhor bo‘yiga ko‘chirib o‘tkazilgan.

Voqea ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgach, Ekologiya partiyasi Bosh prokuratura va atrof-muhitni muhofaza qilishga mas’ul davlat tashkilotlaridan zudlik bilan holatga chora ko‘rishni so‘radi. Shundan keyin Ekologiya vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi o‘rganish boshlaganini ma’lum qildi.

Toshkent shahri, Sayilgoh ko‘chasi / Foto: Ekologiya vazirligi
Toshkent viloyati, Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasi / Foto: Kun.uz

Daraxtlar nega ko‘chirilyapti?

2023 yil yozida sobiq MXX binosini buzish boshlangan edi. Bino avvalroq Metropol Group kompaniyasi tomonib xususiylashtirib olingan va o‘rnida 22 qavatli mehmonxona qurilishi e’lon qilingan.

Shahar ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Tursunpo‘lat Egamovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, Metropol Group yanvar oyida daraxtlarni kesish uchun boshqarmaga xat jo‘natgan. Lekin vazirlik buni rad etgan.

Metropol Group tomonidan yanvar oyining oxirida daraxtlarni kesishga ruxsatnoma so‘ragan. Boshqarma tomonidan daraxtlarni tag qismidan kesishga ruxsat berilmagan”, – dedi Egamov.

Tursunpo‘lat Egamov, shahar ekologiya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i

Shuningdek, u qonunchilikda daraxtni ko‘chirishga ruxsatnoma berilishi belgilanmaganini ham qo‘shimcha qildi.

Ko‘chirishga ruxsat berish tartibi yo‘q. Faqat Vazirlar Mahkamasining 464-sonli qaroriga asosan ko‘chirish tartibi berilgan. Biz daraxtlarni ko‘chirishga ruxsatnoma bera olmaymiz. 3 kun oldin xat asosida xabar beriladi. Ko‘chirishga biz tomonimizdan inspektor ajratilishi kerak. 2,5 oydan beri hech nimadan xabarsiz edik”, – dedi mas’ul.

Jurnalistning kompaniya birorta tashkilot ruxsatini olmasdan ko‘chirishni boshlaganmi degan savoliga, Egamov “Ha” deb javob berdi.

Toshkent viloyati, Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasi
Toshkent viloyati, Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasi

Yunusobod tumani ekologiya inspeksiyasi vakili Nodir Qodirov daraxtlar ko‘chiriladigan joyni ko‘rib ketgani, lekin ko‘chirishga ruxsat berilmaganini ta’kidladi.

Nodir Qodirov, Yunusobod tuman Ekologiya inspeksiyasi vakili

Daraxtlarni kim ko‘chiryapti?

Daraxtlarni ko‘chirib o‘tkazish uchun “Muna Mug” kompaniyasi yollangan. Kompaniya rahbari Farrux Hakimov Kun.uz muxbiriga daraxtlarni ko‘chirishga ruxsat olinganini aytdi, lekin ruxsatnomani tahririyatga ko‘rsatgani yo‘q.

Hakimovga ko‘ra, kompaniya ko‘chirish ishlarini 2,5 oy oldin boshlagan. Sayilgoh ko‘chasidan 26 dona 30-70 yoshli eman daraxtlarini ko‘chirish ishlari davom etyapti. Hozir 15 dona eman Qibrayga olib kelingan, yana 11 donasi ko‘chirib kelinadi.

Farrux Hakimov, “Muna Mug” kompaniyasi rahbari

Daraxtni ko‘chirishda eng qiyin narsa – uni dumaloq qilib olish. Bitta ko‘chirilayotgan daraxt 55-60 tonnagacha bo‘ladi. Ularni yotqizib tashib kelish uchun 32 metrli trall kerak. Daraxt tanasini maksimal saqlab qolish uchun shunaqa uzun trallni oldik. Bitta daraxtni ko‘chirib kelishga 12 soat vaqt ketyapti”, – dedi Hakimov.

Daraxtlar qurisa, kim javob beradi?

Farrux Hakimov daraxtlarning qurimasligiga 100 foiz kafolat berishini aytyapti. U o‘zi foydalanayotgan texnologiya O‘zbekiston bo‘yicha hali qilinmagani, o‘zi ham bunday katta hajmli daraxtlarni ilgari ko‘chirmaganini aytdi.

Daraxt ildizining 80 foizdan yuqorisini olganman, shuning uchun u qurib qolmaydi, 2 yilda shoxlari oldingi holatiga qaytib chiqadi”, – dedi u.

Hakimov daraxtlarga 3 yil qarab, dori va ozuqasini berib turishini, agar qurisa, jarimasini to‘lashga tayyor ekanini ham bildirdi.

Toshkent viloyati, Qibray tumani Mirzo Ulug‘bek shaharchasi

Ekologiya vazirligi mas’uli Tursunpo‘lat Egamov ham daraxtni ko‘chirayotgan tadbirkor kim bilan shartnoma qilgan bo‘lsa, daraxtning taqdiriga ham o‘sha kompaniya javobgar ekanini aytdi.

Biz tadbirkor bilan biriktirish dalolatnomasini tuzamiz. 3 yil ichida o‘sha daraxtlar qurib qolsa, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, qurib qolganligi uchun jarima jazosi belgilanadi. Bu daraxtlar ko‘pligi sabab, Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasiga ko‘ra, jinoiy ish ochilishi mumkin. Har biri uchun milliarddan oshiq miqdorda jarima belgilanishi mumkin”, – dedi Egamov.

Jamoatchilik eshituvi bo‘lgan, lekin unda OAV bo‘lmagan

Toshkent shahrining Yunusobod tumanidan 26 daraxtning olib ketilayotganiga yunusobodliklar rozimi, degan savol bilan Kun.uz muxbiri mas’ullarga yuzlandi. Farrux Hakimovning aytishicha, belgilangan tartibda jamoat eshituvi qilingan. Unga Yoshlar ijod saroyi vakillari va atrofdagi boshqa tashkilotlar ham taklif qilingan.

Jamoatchilikni yig‘ib, daraxt ko‘chirishimizni va o‘rniga yoshi kattaroq, o‘zini tutib olgan 150ta daraxt ekishimizni aytganmiz, buning taqdimotini ham qilib berganmiz”, – dedi u.

Biroq jamoatchilik eshituvida OAVdan birorta vakil taklif etilmagan. Bundan tashqari, Tursunpo‘lat Egamov ham daraxtlarni ko‘chirish tadbiriga mutlaqo qarshi ekanini ma’lum qildi.

Mas’ullar savollarga javob berdi, biroq javoblar boshqa savollarni paydo qilyapti. Daraxtlarni ko‘chirishga Ekovazirlik ruxsat berganmi yoki bermaganmi? Agar bermagan bo‘lsa, Muna Mug kompaniyasi daraxtlarni shaharliklardan o‘g‘irlab ketyaptimi? Agar bu o‘g‘rilik bo‘lsa, unda bunga qarshi kim chora ko‘radi?

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Ko‘proq yangiliklar: