Fransiyada 3 nafar suriyalik urush jinoyatlari uchun sirtdan qamaldi

Jahon 14:55 / 25.05.2024 3068

24 may, juma kuni Parij sudi Suriya xavfsizlik xizmatining uch nafar yuqori martabali mulozimini urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybdor deb topib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sud, shuningdek, ushbu shaxslarni xalqaro hibsga olish qarorini ham o‘z kuchida qoldirdi.

Sudlanuvchilardan uch nafari Suriyada ekanligi taxmin qilinmoqda. Bular - Suriya prezidenti Bashar Asadning maslahatchisi Ali Mamluk, Suriya Harbiy-havo kuchlari xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Jamil Hasan va davlat xavfsizligining yuqori martabali xodimi Abdel Salom Mahmuddir. Ular Fransiya va Suriya fuqaroligiga ega bo‘lgan ikki kishining o‘limiga aloqadorlikda ayblanmoqda.

Sudlanganlarning jinoyatlari

Ish materiallariga ko‘ra, 2013 yilda Mazzen Dabbag va uning o‘sha paytda 20 yoshda bo‘lgan o‘g‘li Patrik Suriya harbiy-havo kuchlari xavfsizlik xodimlari tomonidan ushlangan va qiynoqqa solingan. Ular qiynoq qamoqxonalaridan biriga olib ketilgan, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mahbuslar oyoqlariga po‘lat buyumlar bilan urishgan, elektr toki qo‘llangan va jinsiy zo‘ravonlikka duchor qilingan. 

Ikki nafar Fransiya va Suriya fuqarosining hibsga olinishi sabablari noaniqligicha qolmoqda. Huquq faollariga ko‘ra, na ota, na o‘g‘il Suriya rahbariyatiga qarshi namoyishlarda qatnashmagan. Dabbag Damashqdagi fransuz maktabida ishlagan, o‘g‘li esa o‘sha shaharda o‘qigan. Ikkalasi ham 2018 yilda vafot etgan deb e’lon qilingan. 

Fransiya adliya idoralari 2018 yilda Mamluk, Hasan va Salom Mahmudni hibsga olish uchun xalqaro order bergan. Xuddi shu yili Germaniya adliya idoralari Hasanni hibsga olishga order berdi. Federal prokurorlar uni minglab mahbuslarga nisbatan qiynoqlar va g‘ayriinsoniy munosabatda ishtirok etganlikda ayblamoqda.

Misli ko‘rilmagan hukm

Bu Suriya rahbariyatining bunday yuqori martabali vakillariga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlarda ishtirok etganlikda ayblab hukm chiqarilgan ilk sud jarayonidir. 

Suriyada fuqarolar urushi prezident Bashar Asad 2011 yilda hukumatga qarshi namoyishlarni bostirganidan keyin boshlangan. Suriyadagi urush natijasida yarim milliondan ortiq odam halok bo‘ldi, millionlab odamlar o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi, mamlakat infratuzilmasi va sanoati jiddiy zarar ko‘rdi. 

Ko‘proq yangiliklar: