Ozarboyjon chegara xizmati 1990-yillardan beri Armaniston nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloq hududi ustidan nazorat o‘rnatdi. Bu haqda 24 may, juma kuni Ozarboyjon OAV Armaniston bilan chegarani delimitatsiya qilish bo‘yicha komissiyaga rahbarlik qilayotgan respublika bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafoyev matbuot xizmatiga tayanib xabar berdi. Ozarboyjon chegarachilari Baganis-Ayrum, Ashagi-Askipara, Xeyrimli va Qizilgajili qishloqlarini nazorat ostiga oldi.
O‘z navbatida, Armaniston Milliy xavfsizlik xizmati (MXX) 24 maydan boshlab arman chegarachilari Tavush viloyatidagi uchta chegara qishloqlari – Berkaber, Voskepar va Baganis hududlarini qo‘riqlashni boshlashi haqida xabar berdi. Qo‘riqlanadigan hududning uzunligi deyarli 7 kilometrni tashkil qiladi. «Davlat chegarasining Kirans qishlog‘i yaqinidagi 5,8 kilometrlik uchastkasini qo‘riqlash 2024 yil 24 iyulgacha o‘tish sxemasi bo‘yicha amalga oshiriladi», — deya qo‘shimcha qildi MXX.
Shu tariqa, Armaniston va Ozarboyjon shimoliy chegaradan qo‘shinlarini olib chiqib, hududlar ustidan nazoratni chegara xizmatlariga topshirdi.
Armanistonda keng ko‘lamli namoyishlar
May oyi boshidan beri Armanistonda Ozorbayjonga hududiy yon berishlarga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. 13 may kuni «Tavush vatan uchun» norozilik harakati rahbari arxiyepiskop Bagrat Galstanyan minglab tarafdorlarini norozilik faolligini kuchaytirishga chaqirdi. Avvalroq u Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga iste’foga chiqish uchun ultimatum qo‘ygandi. Namoyishlar paytida yuzlab namoyishchilar qo‘lga olingan.
Yerevan 4 ta hududiy birlikni Bokuga boy berdi
Avvalroq Armaniston tashqi ishlar vazirligi Yerevan va Boku chegaraning alohida uchastkasi bo‘yicha demarkatsiya, jumladan, Tavush viloyati va Ozarboyjon shimoli-g‘arbiy G‘azax viloyati o‘rtasidagi to‘rtta qishloq hududiy mansubligi haqida avval kelishib olganini ma’lum qilgandi. 1990-yillarning boshidan bu hududlar Armaniston tomonidan nazorat qilingan, ammo 2020 yilda mamlakatlar o‘rtasidagi harbiy mojaro natijasida ular Ozarboyjonga o‘tgan.