2023 yilda uy-joy narxlari aholining o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 2,1 marta tezroq o‘sgan – Markaziy bank

Iqtisodiyot 16:25 / 25.05.2024 6289

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni xarid qilish xususiyati birlamchi ehtiyojni qondirishdan investitsiyaga o‘zgargan. Bu haqda Markaziy bankning 2023 yil uchun moliyaviy barqarorlik sharhida keltirib o‘tilgan.

Regulyatorning qayd etishicha, ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining ortiqcha baholanishi saqlanib qolmoqda. Yillar davomida yuqori sur’atlarda o‘sib borayotgan uy-joylarning bozor qiymati ushbu aktivlarga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. Yuqori talab sharoitida taklif hajmining sezilarli ortda qolishi uy-joy narxlarining fundamental omillarga, xususan aholi daromadiga bog‘liq bo‘lmagan holda o‘sishini yuzaga keltirmoqda. Bundan tashqari, uy-joylarni ijaraga berish orqali ko‘rish mumkin bo‘lgan rentabellik darajasining pasayishiga qaramay, spekulyatsiya omili ta’sirida ko‘chmas mulk bozorida yuqori faollik va talab hajmi ortgan.

Natijada, 2023 yil davomida ko‘chmas mulk bozorida uy-joylarning o‘rtacha bozor narxi fundamental narxidan 24 foizgacha yuqori baholanishi kuzatilgan.

«So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni xarid qilish xususiyati birlamchi ehtiyojni qondirishdan investitsiyaga o‘zgardi. Uy-joy narxlarining milliy va xorijiy valutadagi indekslarida kuzatilgan yuqori o‘sish sur’atlari ularga bo‘lgan talabni yanada oshirmoqda. 2023 yilda milliy va xorijiy valutadagi uy-joy narxlari indekslari mos ravishda 43 hamda 23 birlikka oshdi.

Bundan tashqari, mamlakatda kapital bozorining yetarli darajada shakllanmagani, moliya instrumentlarining ommalashmagani, shuningdek, ko‘chmas mulk bozorida uy-joy narxlarining o‘sish sur’ati bank depozitlari daromadliligiga (2023 yil davomida, 1 yildan yuqori bo‘lgan jami muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari milliy valutada 20 foiz, xorijiy valutada 5 foiz) nisbatan ham yuqori bo‘lishi aholi tomonidan ko‘chmas mulk bozoriga sarmoya kiritishning yuqori rentabelli aktiv sifatida qaralishiga sabab bo‘ldi», deyiladi Markaziy bank sharhida.

Uy-joy narxlari o‘sishida taklif omilining ta’siri pastligicha qolgan. 2023 yil yakuniga ko‘ra qurilish-montaj ishlari narxlarining yillik o‘sish sur’ati 5,2 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 5,4 foiz bandga kamaygan. 2023 yil davomida qurilish-montaj ishlari narxlarining yillik o‘sish sur’atlarida kuzatilgan ushbu pasayish tendensiyasi ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning yuqori o‘sishida taklif omilining ta’siri past ekanidan dalolat beradi.

Ko‘chmas mulk bozorida uy-joyga bo‘lgan talab va taklif nomutanosib ravishda shakllanishda davom etmoqda. 2023 yilda amalga oshirilgan qurilish ishlari hajmining o‘sishi (15 foiz) mamlakat nominal YaIM o‘sish sur’atlariga (19 foiz) nisbatan pastroq shakllangan.

2023 yilda O‘zbekistonda aholining uy-joy xarid qilish imkoniyatlari ham qisqargan. Mamlakat aholisining o‘rtacha iqtisodiy holatini ifodalovchi aholi jon boshiga hisoblangan nominal YaIM miqdoriga nisbatan uy-joy narxlarida yuqoriroq o‘sish kuzatilgan. Xususan, 2023 yil yakuniga ko‘ra, 1 kv metr uchun uy-joy narxining aholi jon boshiga hisoblangan nominal YaIMga nisbati 30 foizni tashkil etib, 2022 yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga ortgan. Ushbu nisbatning ortishi aholining ko‘chmas mulk bozorida uy-joy sotib olish qobiliyati pasayganini ifodalaydi.

Shuningdek, ko‘chmas mulk bozoridagi uy-joy narxlari shakllanishiga aholining rasmiy daromadiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa omillar ham ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘zbekistonda uy-joy narxlarining aholi daromadlariga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi davom etgan. 2023 yilda uy-joy narxlarining bozor qiymati yillik 36 foizga, aholining o‘rtacha oylik ish haqi esa 17 foizga o‘sgan. Natijada, uy-joy narxlarining bozor qiymati aholining o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan yillik hisobda qariyb 2,1 marta tezroq o‘sgan. 2023 yilda O‘zbekistonda ushbu ko‘rsatkich ayrim Markaziy Osiyo, Kavkaz va boshqa davlatlar ko‘rsatkichlariga nisbatan yuqori shakllangan.

Ko‘proq yangiliklar: