Shols YeIda yadro quroli paydo bo‘lishini noreal deb atadi

Jahon 07:41 / 24.05.2024 3528

Germaniya kansleri Olaf Shols Yevropa Ittifoqining o‘z yadro quroliga ega bo‘lishi ehtimolini rad etdi. «Aniq bo‘lishi kerak: «Yevropa Ittifoqi yadro quroli» bo‘lmaydi – bu shunchaki noreal», — deb yozdi Shols 23 may, payshanba kuni chop etilgan The Economist jurnali uchun maqolasida.

Shols Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning «NATO Yevropa ustunini mustahkamlash» uchun Yevropa kelajakdagi mudofaasini muhokama qilish taklifini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi Fransiya yadroviy tiyib turish kuchlari suverenitetiga tajovuz qilmoqchi emasligini ta’kidladi, ammo u Makronning Fransiya yadroviy kuchlarining «Yevropa o‘lchovi» haqidagi bayonotlarini olqishlagan.

«Biz Yevropani himoya qilish va har qanday tajovuzkorni – bugun va kelajakda to‘xtatish uchun imkoniyatlar to‘g‘ri kombinatsiyasiga qanday erishishni muhokama qilishimiz kerak», dedi Germaniya kansleri. Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy to‘xtatuvchi vositadan tashqari, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar odatiy harbiy imkoniyatlar, jumladan havo va raketalarga qarshi mudofaa, kiber va kosmik jihatlar hamda aniq zarba beruvchi raketalarni ko‘rib chiqmoqda. 

Germaniya Yevropadagi eng kuchli oddiy qurolli kuchlarni yaratmoqchi

Economist jurnalida Shols, shuningdek, Germaniyaning xavfsizlik va mudofaa siyosatidagi «misli ko‘rilmagan, tektonik siljishlar»ga ishora qildi. «Biz armiyamizni qayta qurish va modernizatsiya qilish uchun 100 milliard yevrolik jamg‘armani yaratish maqsadida konstitutsiyani o‘zgartirdik. Maqsadimiz Bundesverni Yevropadagi eng kuchli oddiy qurolli kuchlarga aylantirishdir», deb yozadi u. Qayd etilishicha, kelajakda «Ikkinchi jahon urushidan so‘ng birinchi marta Germaniyadan tashqarida - Litvada to‘laqonli jangovar brigadani doimiy ravishda joylashtiradi.

Shu bilan birga, Germaniya hukumati rahbari yana bir bor NATO qarama-qarshilikka intilmasligiga va alyansni mojaro tomoniga aylantiradigan hech qanday qadam tashlamasligiga ishontirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: