Rasman: «Barselona» Xavini iste’foga chiqardi

Sport 17:39 / 24.05.2024 9615

Kataloniya klubi prezidenti Joan Laporta Xavi bilan xayrlashish qarorini qabul qilgan. U murabbiy bilan kelishuvni uzaytirish fikridan qaytgan.

«Barselona» klubi prezidenti Joan Laporta bugun Xavi Ernandesga u kelasi mavsumda jamoa bosh murabbiyi sifatidagi ishini davom ettirmasligini ma’lum qildi. Bugun o‘tgan yig‘ilishda klub vitse-prezidenti  Rafa Yuste, sport direktori Deku hamda Xavining yordamchilari Oskar Ernandes va Serxio Alegri ishtirok etdi», - deyiladi klub xabarida.

Klub Xavining keyingi faoliyatiga omad tilab, yakshanba kuni «Sevilya»ga qarshi safardagi uchrashuv uning jamoadagi so‘nggi o‘yini bo‘lishini ma’lum qilgan.

«Barselona» yaqin kunlarda yangi bosh murabbiyi nomini e’lon qiladi», - deyiladi klub xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Xavi matbuotda klubning moliyaviy holati haqida bir necha marta gapirganidan so‘ng murabbiy va Laporta o‘rtasidagi munosabat sovuqlashgandi. U Kataloniya klubining moliyaviy jihatdan «Real» va Yevropaning yetakchi klublari bilan raqobatlasha olmasligi haqida gapirgandi. 

Yanvar oyida Xavi klubni tark etishi haqida e’lon qilgan bo‘lsa, aprel oyidagi ketma-ket g‘alabalardan so‘ng Xavi fikridan qaytgani va klub bilan kelishuv uzaytirilishi haqida e’lon qilgandi.

Ma’lumot uchun, «Barselona» La Liga joriy mavsumida 82 ochko bilan 2-o‘rinni egallab turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: