IHeS Gurjiston sobiq prezidenti Saakashvilining shikoyatini rad etdi

Jahon 08:01 / 24.05.2024 11175

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakashvilining unga qarshi o‘tkazilgan ikki jinoiy sud jarayonidagi qonunbuzarliklar haqidagi shikoyatini qanoatlantirmadi. «Sobiq prezidentga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishining adolatliligiga shubha qilish uchun hech qanday asos yo‘q», — deb yozadi IHeS matbuot xizmati X ijtimoiy tarmog‘ida

Saakashvilining IHeSga arizasi unga nisbatan qo‘yilgan ikkita jinoiy ish yuzasidan bo‘lgan. Birinchisi, 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining shafqatsizlarcha kaltaklanishini tashkil qilish bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi, Saakashvili 2008 yilda qotillikda ayblangan Gurjiston Ichki ishlar vazirligining to‘rt nafar yuqori martabali amaldoriga bergan amnistiya bilan bog‘liq. Ikki holatda Saakashvili 2018 yilda aybdor deb topilib, sirtdan mos ravishda olti va uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. 

IHeS: Sud jarayonlarida hech qanday qonunbuzarlik kuzatilmadi

IHeS bir ovozdan Saakashvilini bu ishlar bo‘yicha adolatli sudlov huquqidan mahrum etilmagani haqida qaror chiqardi. Sud, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 7-moddasi («Faqat qonun bo‘yicha jazolash») sobiq prezidentga nisbatan buzilmagan, degan qarorga ikki ovozga qarshi besh ovoz bilan keldi.

Qarorda, shuningdek, sobiq prezident o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning siyosiy motivlarini asoslab bera olmagani qayd etilgan. IHeS Tbilisidagi sud tomonidan qo‘yilgan ayblovlar «jiddiy va asosli» ekanligini va sud qarama-qarshilik asosida o‘tganini ta’kidladi. 

Saakashvili Gurjistonda 9 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda 

Mixail Saakashvili 2021 yilda Gurjistonga qaytganidan keyin hibsga olingan. U to‘qqiz yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. Norozilik belgisi sifatida sobiq prezident qamoqxonada ko‘p marotaba ochlik e’lon qilgan. Uning sog‘lig‘i bir necha bor og‘ir deb tan olingan. 2022 yildan beri Saakashvili xususiy klinikada hibsda saqlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: