Gurjistonda «chet el agentlari» to‘g‘risidagi munozarali qonun qabul qilingandan so‘ng, Qo‘shma Shtatlar vizani taqiqlash va bu mamlakat bilan hamkorlikni har tomonlama ko‘rib chiqishini e’lon qildi. Payshanba kuni kechqurun AQSh davlat kotibi Entoni Blinken o‘zining X platformasidagi mikroblogida «Gurjiston orzusi» tomonidan taklif qilingan «Tashqi ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonun bilan bog‘liq holda Gurjistondagi demokratiyaga putur yetkazganlarga nisbatan yangi viza cheklovlari siyosati e’lon qilinishini bildirdi.
«Kim Gurjistondagi demokratik jarayonlar yoki institutlarga putur yetkazsa, jumladan, 2024 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Gurjiston saylovlari arafasida, saylov paytida yoki undan keyin ham bu yuz bersa, AQShga kirish uchun viza olish huquqiga ega bo‘lmasligi mumkin», deyiladi AQSh Davlat departamenti saytida chop etilgan bayonotda.
«Shuningdek, men AQSh va Gurjiston o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik har tomonlama ko‘rib chiqilishini e’lon qilaman. Umid qilamizki, Gurjiston rahbarlari qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqadi va o‘z xalqining demokratik hamda Yevroatlantika intilishlarini ilgari surish uchun choralar ko‘radi. Biz Gurjistonning harakatlarini hisobga olamiz», — deya keltiriladi hujjatda davlat kotibi Blinkenning so‘zlari.
«Chet el agentlari» to‘g‘risidagi Gurjiston qonuni
May oyida Gurjiston parlamenti hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi taklif qilgan «Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi. Unga ko‘ra, moliyalashtirishning 20 foizdan ortig‘ini xorijdan oladigan nodavlat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari «xorijiy tashkilot manfaatini ilgari suruvchi» sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. «Chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun loyihasi ommaviy norozilik va politsiya bilan to‘qnashuvlarga sabab bo‘ldi.
Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili qonun loyihasiga veto qo‘ydi, chunki u hukumatga nohukumat tashkilotlar va tanqidiy ommaviy axborot vositalarini ta’qib qilishga imkon beradi, biroq bosh vazir Irakliy Kobaxidze vetoni bekor qilish niyatida ekanini aytdi. Estoniya, Niderlandiya, Chexiya va Shvetsiya Yevropa Ittifoqini Gurjistonga qarshi sanksiyalar joriy etish, jumladan, vizasiz rejimni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi.
AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, Gurjiston parlamenti tomonidan qabul qilingan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonun «fikr erkinligini bostiradi, Gurjiston fuqarolariga xizmat ko‘rsatadigan tashkilotlarni qoralaydi va yuqori darajadagi axborot vositalaridan foydalanish imkoniyatini ta’minlashga qaratilgan mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qiladi». Davlat departamenti bayonotida aytilishicha, Vashington «tinch muxolifatni bostirish uchun qo‘rqitish va zo‘ravonlik kampaniyasining aniq belgilarini ko‘rdi».