Oksana Chusovitina jarohati sabab Parij olimpiadasida qatnasha olmaydi

Sport 17:47 / 23.05.2024 9779

Sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Oksana Chusovitina ikki oydan keyin Parijda boshlanadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi. U saralash o‘yinlari oldidan jarohat olgan.

48 yoshli sportchi bu haqda 23 may kuni Instagram'dagi sahifasida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi mashqlar chog‘ida jarohat olgan. 24–26 may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan chempionat olimpiada uchun saralash vazifasini ham bajaradi.

“Qadrli muxlislarim, gimnastika ishqibozlari. Sizlarga qayg‘uli xabarim bor. Kecha gimnastika bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati – Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqasi oldidan mashg‘ulotlarda jarohat oldim. Endi bu musobaqada qatnasholmayman. Afsusdaman, chunki musobaqaga juda katta tayyorgarlik ko‘rgandim. Katta kuch bilan qaytgandim. O‘z yurtimda muxlislar, jamoatchilik qarshisida musobaqada qatnashishni istagandim. Lekin siz mening ishtirokimni ko‘rmaysiz”, – dedi Chusovitina.

U barchaga minnatdorchilik bildirib, muxlislarni o‘zbekistonlik sportchi qizlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. “Men ham o‘sha yerda bo‘lib, qizlarimizga muxlislik qilaman”, – dedi sportchi.

Oksana Chusovitina avvalroq Bokuda bo‘lib o‘tgan Jahon Kubogi bosqichida tayanib sakrash bo‘yicha saralash musobaqasida muvaffaqiyatsiz qatnashib, 23-o‘rinni egallagandi. Oqibatda, uning oldida Parij yo‘llanmasini olish uchun yagona yo‘l qolgandi: Toshkentdagi Osiyo chempionatida ko‘pkurash musobaqasida birinchi o‘rinni egallash. Ammo Chusovitina so‘nggi yillarda ko‘pkurash bahslarida deyarli ishtirok etmagan.

Oksana Chusovitina – gimnastika tarixida 8 marta olimpiadada qatnashgan yagona sportchi hisoblanadi. U 1992 yildan hozirga qadar bo‘lib o‘tgan barcha Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib kelayotgan edi. Chusovitina faoliyati davomida olimpiada chempioni (1992 yil, jamoaviy bahslarda), uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni va Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: