Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiya so‘nggi to‘rt yil ichida birinchi sammitni o‘tkazadi

Jahon 18:17 / 23.05.2024 2324

26-27 may kunlari Seulda Janubiy Koreya, Xitoy va Yaponiya so‘nggi 4 yildan ortiq vaqtdan beri birinchi uch tomonlama sammitini o‘tkazadi. Bu haqda Yonhap xabar berdi. 

Janubiy Koreya prezidenti Yun Syok Yol 26 may kuni Xitoy bosh vaziri Li Tsyan va Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida bilan alohida ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi, so‘ngra 27 may kuni sammit bo‘lib o‘tadi. 

Bu Osiyo davlatlarining 2019 yil dekabridan beri COVID-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan tanaffus va tarixiy kelishmovchiliklar tufayli Seul va Tokio o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashganidan keyin birinchi uch tomonlama sammitdir, deb yozdi agentlik. 

Janubiy Koreya rahbari ma’muriyatining ma’lum qilishicha, sammitda tomonlar savdo-iqtisodiyot, barqaror rivojlanish, sog‘liqni saqlash, fan-texnika, gumanitar almashinuv, shuningdek, tabiiy ofatlar oqibatlariga qarshi kurashish masalalarini muhokama qiladi. 

«Sammit Janubiy Koreya, Yaponiya va Xitoy o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlik tizimini to‘liq tiklash va normallashtirish uchun burilish nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi», dedi Janubiy Koreya prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari Kim Te Xyo. 

Ta’kidlanishicha, Janubiy Koreya va Yaponiya Xitoydan Shimoliy Koreyadan kelayotgan yadro va raketa tahdidini cheklashda rol o‘ynashni so‘rashi mumkin. Pekin esa Seul, Tokio va Vashington o‘rtasidagi uch tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirishdan xavotir bildirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: