Beshik bolalarga kerakmi yoki kattalarga? – bolalar yotog‘idan qadriyat darajasiga chiqqan beshik haqida

Jamiyat 19:36 / 22.05.2024 25844

Qadriyatlarimizga daxl qilmagan holatda mutaxassislarning beshikning foyda-zararlari haqidagi fikrlarini o‘rgandik.

Beshik o‘zbek tarixida qachondan beri bor?

Tarix fanlari doktori, etnograf Barno Ubaydullayevaning qayd etishicha, beshik haqida 11-asrda Mahmud Qoshg‘ariy tomonidan yozilgan “Devoni lug‘oti turk” asarida ma’lumot berilgan. Shundan kelib chiqib olimlar beshik 11-asrda foydalanilgani aniq degan qarorga kelishgan. Lekin olima beshik undan ham avvalroq xalq orasida foydalanilgan degan fikrda.

“Beshik nafaqat O‘rta Osiyoda, balki Eron, Iroq, Mo‘g‘uliston, Kavkaz xalqlarida ham bor. Turkiylardan kelib chiqqan, Yevropaga ketib qolgan gagauz xalqida ham beshik bor. Ba’zi tadqiqotchilar fikricha, beshik qadimgi Ossuriya xalqiga oid bo‘lishi mumkin, bu uning turli xalqlar orasida tarqalishiga sabab bo‘lgan”, deydi Barno Ubaydullayeva.

Tarixchiga ko‘ra, 19-asrda gaz, elektrsiz, sovuq uyda bola katta qilgan odamlar uchun beshik juda kerak bo‘lgan.

“Ajdodlarimiz beshikka bolani to‘g‘ri yotqizish muhim ekanini his qilgan, buni tajribadan o‘tkazishgan. Shuning uchun ham bolani beshikka onaning o‘zi shunchaki yotqizmagan. Beshikka belash alohida marosim sifatida tashkillashtirilib, sog‘lom va ko‘p farzand ko‘rgan ayollar taklif etilgan”, deya ma’lumot berdi Barno Ubaydullayeva.

Beshik yo‘rgak vazifasini bajaradi

Pediatr-neontolog Mushtariy Ergashevaning ma’lumot berishicha, bola tug‘ilishidan oldin 9 oy onaning qornida bachadonning ichida tayanchning ichida bo‘ladi. Tug‘ilgach, u qo‘l-oyoqlarini qimirlatganda bo‘shliqqa ketganday his qiladi. Bu payti bola uchun yo‘rgak ishlatiladi, bola unda tayanchni his qilganday bo‘ladi. Beshik ham xuddi shu yo‘rgak vazifasini bajaradi.

Beshikni ishlatganda bola faqat bir uxlab turishga yotqizilishi kerak. Agar u kun bo‘yi beshikda qolib ketsa, harakatlari cheklanadi. Bola esa harakatlanish orqali: ko‘rish, eshitish, hid bilish, ushlash, ta’m bilish orqali rivojlanadi.

Psixolog Rozaliya Gabdulhaqova ham bola uyg‘oq vaqti beshikka belangan holatda bo‘lishi uning miyasi rivojlanishiga salbiy ta’sir qilishini aytib o‘tdi.

Beshikka qarshi ko‘rsatma bormi?

Pediatr Mushtariy Ergashevaga ko‘ra:

·       Muddatidan oldin tug‘ilgan;

·       Muddatida tug‘ilgan, lekin 2,5 kg atrofida tug‘ilgan chaqaloqlarni to 3 kg vazn yig‘maguncha;

·       Nevrologik muammolari bor bolalar (ular haqida tug‘uruqxonada yoki patronaj ko‘rigida aytiladi;

·       Ortoped ko‘rigidan so‘ng beshikka belash taqiqlangan bolalarni yotqizmaslik zarur.

Ortoped Farhod Oripov esa chaqaloqni kamida 40-60 kungacha beshikka belamay turish ma’qul deb hisoblaydi.

“Beshikka yotqizishdan oldin shifokor ortoped ko‘rigidan o‘tib qarshi ko‘rsatma bo‘lmasa, keyin belash mumkin.

Bilamiz, beshikda 2 ta belbog‘ mavjud bo‘lib, biri ko‘krak qafasidan, biri sonidan o‘tkazib bog‘lanadi. Bu belbog‘lar bolani qisib qo‘yib, oyoq, son bo‘yimlariga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham agar bolada tug‘ma nuqson, displaziya, son suyaklarida chiqishga moyillik yoki raxit alomatlari bo‘lsa, uni beshikka yotqizmaslik kerak. Bolani beshikka yotqizishga ruxsat berilgan bo‘lsa ham, 24 soat beshikda qoldirmaslik kerak”, dedi vrach Farhod Oripov.

Beshiklarning narxi qancha?

Chorsu beshik bozorida bir necha avlod beshiksoz oilalarni uchratish mumkin. Bu yerda turli dizayndagi beshiklar sotiladi. Biroq beshiksozlarning aytishicha, hozir beshik bozorida savdo oldingidek yaxshi emas.

Beshiksoz Muyassar Ismatova oilasi bilan birgalikda beshik yasaydi. Uning aytishicha, hozir poytaxt Toshkentda bolani beshikka yotqizish kamaygan. Beshiksozlar asosan, viloyatlarga, Qozog‘istonga beshik sotishadi.

Bitta beshikning narxi – yasalgan daraxtiga qarab 250 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha. Yasatilgan beshik esa 700 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha narxda bo‘ladi.

Bozorda beshik xaridi kamaygan, lekin yangi yo‘nalish: beshik to‘ylari uchun uni ijaraga berish shakli paydo bo‘lgan. Beshik to‘yi qilayotgan odam chiroyli qilib yasatilgan beshikni to‘y uchun bir necha kungacha ijaraga oladi va to‘y o‘tgach qaytarib olib keladi. Ijara uchun o‘rtacha 300 ming so‘m to‘lanadi.

Bola beshikka yotsa, oyog‘i tekis bo‘ladimi?

Ortoped Farhod Oripovning qayd etishicha, “Bola beshikda yotsa, qomati chiroyli, oyoqlari tekis bo‘ladi”, degan fikr noto‘g‘ri. Aksincha, bola qancha erkin bo‘lsa, shuncha qomati yaxshi bo‘ladi.

Beshik bolani bo‘ysunuvchan qiladimi?

Beshikda ko‘p uxlash bolaning xulq-atvoriga ta’sir qilishi, uni bo‘ysunuvchan va murosakor, sabrli qilib qo‘yishi haqida fikr bildiriladi. Etnograf Barno Ubaydullayeva, bu fikrga qo‘shilishini, garchi 100 minglab odamlar o‘rtasida tadqiqot olib bormagan bo‘lsa ham, kuzatuvlari asosida shunday xulosaga kelganini aytib o‘tdi.

“Bizning ajdodlarimiz bola parvarishiga oid har bir davrga e’tiborli bo‘lganini, bunga oid marosimlar saqlab qolinganini hisobga olsak, ajdodlarimiz beshikka belashga e’tiborli bo‘lganini bilishimiz mumkin. 1950 yillargacha turli kasalliklar sabab tug‘ilgan bolalarning hammasi ham yashab ketmagan. Shu davrlarda ko‘p bolalilik rag‘batlantirilgan, 1980 yillarda 2 mlndan ko‘proq “Qahramon ona” unvonini olgan ayollar bo‘lgan. Bu mukofot 10 dan ortiq bolali ayollarga berilgan. Shuncha bolali ayollar ishga chiqishi kerak bo‘lgan, uyda qolganlar ham ko‘p bolaga qarashi qiyin bo‘lgan.

Mana shunday vaziyatda bolalarning uzoq muddat beshikda qolib ketishi kuzatilgan. 10 dan oshiq farzand ko‘rgan ko‘pchilikdan so‘raganimda javob olganman: “Beshikda uzoq yotgan bolalarim og‘ir-bosiq, qobil, aksincha, beshikda kam yotgan bolam qiziqqonroq, harakatchanroq, o‘z aytganini qildiradigan xulqli”, deyishgan. Lekin yana bitta taxmin balki bola tug‘ilgandanoq shunday fe’lga ega bo‘lgani uchun ham uzoq muddat beshikda yotishni xohlamagan bo‘lishi mumkin”, deydi tarixchi olima.

Lekin uning ma’lumot berishicha, yo‘rgaklashning inson xulq-atvoriga ta’siri o‘rganilgan tadqiqotlar bor. Fanda “Yo‘rgak determinizmi” – yo‘rgakka o‘rganib qolish degan atama ham bor.

“O‘tgan asrning 30-40 yillarida amerikalik o‘tkazgan tadqiqotlar bor. Ular ruslarning milliy xarakterini o‘rganishgan, xarakter esa chaqaloqlik davridan boshlanadi deb hisoblashgan. Rus pediatriyasida o‘tgan asrda qattiq yo‘rgaklash amaliyoti bo‘lgan. Amerikaliklar o‘rganishlari natijasida ruslarda mutelikka moyillik bor, bu ularning yo‘rgaklanishi bilan bog‘liq degan xulosaga kelishgan”, deydi etnograf Barno Ubaydullayeva.

Shuningdek, shifokorlar bolani beshikka belashda ehtiyotkor bo‘lish kerakligini, uni faqat bir marta uxlab turguncha beshikda qoldirish mumkinligini ta’kidlashdi. 

Zilola G‘aybullayeva, Kun.uz
Montaj ustasi: Shohruzbek Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: