BBC xalqaro muxbiri Liz Dyuset prezidentning o‘limidan keyin Eronni nimalar kutayotgan bo‘lishi mumkinligini tahlil qildi.
Uning o‘limi u salomatligi anchadan buyon muhokama markazida bo‘lib kelayotgan 85 yoshli oliy rahnamo, oyatulloh Ali Xominaiyning o‘rnini egallashi to‘g‘risidagi mish-mishlarga barham berdi.
Eronning qattiqqo‘l prezidentining fojiali o‘limi mamlakat siyosatidagi yo‘nalishni o‘zgartirmaydi yoki Islom Respublikasini sezilarli darajada larzaga keltira olmaydi.
Ammo uning o‘limi qattiqqo‘l siyosatning konservator tarafdorlari hokimiyatning barcha tarmoqlarida (saylanadigan va tayinlanadigan) ustunlik qiladigan tizimni sinovdan o‘tkazadi.
«Tizim uning o‘limini katta shouga aylantiradi va konservatorlar birligini va Xominaiyga sodiqlikni saqlay oladigan yangi yetakchi qidirilayotgan mahalda o‘z funksionalligini namoyish etish uchun konstitutsion protseduralarga rioya etadi», — deya qayd etadi Chatham House markazining Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha dasturi direktori Sanam Vakil.
Raisiyning muxoliflari 1980-yillar oxirida siyosiy mahbuslarning ommaviy qatliga aloqadorlikda ayblangan sobiq prokurorning o‘limini xursandchilik bilan qarshi olishdi; ular uning hukmronligi tugashi rejimning umrini ham qisqartirishiga umid qilishadi.
Erondagi hukmron konservatorlar uchun davlat darajasidagi dafn marosimi hissiyotlarga to‘la voqea bo‘ladi; bu shuningdek meros haqidagi signallar uchun imkoniyat ham beradi.
To‘ldirish lozim bo‘lgan yana bir o‘ta muhim lavozim — vaqti kelganida (vafot etganida), ahamiyati prezidentnikidan ancha yuqori turuvchi yangi oliy rahnamoni tanlash huquqiga ega bo‘lgan Ekspertlar assambleyasida bo‘shab qolgan o‘rindir.
«Raisiy ehtimoliy voris edi, chunki u Xominaiy oliy rahnamo bo‘lgan vaqtdagi kabi nisbatan yosh edi. U juda sodiq edi - tizimga sodiq va o‘ziga yarasha taniqli bo‘lgan kuchli mafkurachi edi», — deydi Sanam Vakil bu shaffof bo‘lmagan saylov jarayoni haqida, unda oliy rahnamoning o‘g‘li Mujtabo Xominaiy ham ishtirok etishi taxmin qilinmoqda.
Raisiyning o‘limi rasman tasdiqlanishidan oldinroq oyatulloh o‘z chiqishida shunday degandi: «Eron xalqi xotirjam bo‘lsin, mamlakat ishlarida hech qanday uzilish bo‘lmaydi».
Endilikda eng dolzarb siyosiy vazifa 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarini o‘tkazish sanaladi.
Hozircha esa hokimiyat vaqtincha Eron vitse-prezidenti Muhammad Mohbar qo‘liga o‘tadi.
Saylovchilarga yangi chorlov o‘z vaqtida g‘ayratli saylovchilar bilan maqtana olgan mamlakatda mart oyidagi parlament saylovlarida rekord darajadagi past davomat qayd etilishidan bir necha oy o‘tib yangramoqda.
Oxirgi saylovlar, jumladan, Raisiyni hokimiyatga keltirgan 2021 yilgi prezidentlik poygasi ham nazorat organi mo‘’tadil hamda islohotlar tarafdorlari bo‘lgan nomzodlarni tizimli ravishda chetlab o‘tgani bilan ajralib turadi.
«Muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari Xominaiy va hokimiyatning yuqori esheloniga bunday trayektoriyani o‘zgartirish va saylovchilarni siyosiy jarayonga qaytarish imkoniyatini berishi mumkin edi», — deydi ofisi Londonda bo‘lgan Amwaj.media yangiliklar sayti muharriri Muhammad Ali Shabaniy.
«Ammo, afsuski, hozircha biz davlat shunday qadam tashlashga tayyorligi va buni istayotganining hech qanday belgisini ko‘rmayapmiz», — deya xulosa qiladi Muhammad Ali Shabaniy.
Ammo hatto Raisiyning o‘z safdoshlari orasida ham yaqqol voris yo‘qdek ko‘rinmoqda.
«Mazkur konservativ guruh ichkarisida turli lagerlar mavjud, jumladan nisbatan qattiq liniyani qo‘llovchilar hamda nisbatan pragmatik deb qaraladigan boshqalar», — deya qayd etadi Berlindagi SWP tahlil markazi ilmiy xodimi Hamidrizo Aziziy.
Ekspertning hisoblashicha, bu yangi parlamentdagi va mahalliy darajadagi pozitsiyalar uchun hozirgi kurashni kuchaytiradi.
Raisiyning mantiyasini kim kiyadigan bo‘lsa, unga cheklangan hokimiyat dastaklari meros bo‘lib o‘tadi.
Islom Respublikasida qaror qabul qilish bo‘yicha asosiy vakolatlar oliy rahnamoga tegishli.
Tashqi siyosat, ayniqsa mintaqa bo‘yicha siyosat olib borish esa katta hokimiyatga egalik qiluvchi Islom inqilobi muhofizlari korpusining huquqi hisoblanadi.
Eron G‘azodagi vayronkor urush tufayli o‘zining ashaddiy dushmani Isroil bilan munosabatlarida misli ko‘rilmagan darajadagi keskinlikka duch kelganida, bu masala prezident Raisiy darajasida hal etilmagandi.
Raisiy prezidentlik lavozimida mamlakatning kundalik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, bu vaqtda eronliklar xalqaro sanksiyalar, shuningdek noto‘g‘ri boshqaruv va korrupsiyadan bilan bog‘liq, chuqurlashib borayotgan moliyaviy muammolar bilan kurashgan.
Inflatsiya 40 foizdan ortiqroqqa oshdi, rial qiymati keskin arzonlashdi.
Uning boshqaruvi davrida Islom Respublikasi 2022 yil sentabrida Erondagi qat’iy dress-kod qoidalarini buzishda ayblanib qo‘lga olingan 22 yoshli Mahsu Aminning o‘limi tufayli favqulodda noodatiy norozilik namoyishlaridan larzaga keldi.
Tartibsizliklardan bir necha hafta oldin Raisiy Eronning «hijob va iffat» to‘g‘risidagi qonunini qat’iylashtirishni buyurgandi, unga ko‘ra ayollar odmi kiyinishi va boshiga ro‘mol o‘rashi talab etilardi.
Qo‘yilgan cheklovlardan norozi bo‘lgan yosh ayollar va qizlar tomonidan boshlangan namoyishlar asosan oliy rahnamo va rejimning o‘ziga qarshi qaratilgandi.
Huquq faollariga ko‘ra, namoyishlarni bostirish davomida yuzlab kishilar o‘ldirilgan va minglab kishilar qo‘lga olingan.
«Eron tarixidagi eng past davomat kuzatilgan prezidentlik saylovlarida saylangan Raisiy o‘zidan oldingi Ruhoniy kabi xalq mandatiga ega emasdi», — deydi Ali Shabaniy, islohotchi yetakchi Hasan Ruhoniyga ishora qilib, 2015 yilda tuzilgan muhim yadroviy kelishuv ham uning shuhrat qozonishiga sabab bo‘lgandi, ammo uch yil o‘tib prezident Tramp AQShni ushbu kelishuvdan olib chiqqandi.
Prezident Bayden ma’muriyati va Raisiy jamoasi o‘rtasidagi bilvosita muzokaralar esa sezilarli muvaffaqiyatga erishmadi.
«Ruhoniydan farqli ravishda u Islom Respublikasi muxoliflari g‘azabiga yo‘liqmadi, bu shunchaki uni ta’sir doirasi yo‘q va samarasiz deb hisoblashganidan», — deb izohlaydi Shabaniy.
Vertolyot halokati Tehronni dunyoga yaxshiroq ko‘rsatish va sanksiyalarning jazo ta’sirini yumshatish yo‘llarini topishda faol rol o‘ynagan Eron tashqi ishlar vaziri Hussayn Amir-Abdullohiyonni ham hayotdan olib ketdi.
Isroilning G‘azodagi amaliyoti chog‘ida u Eron diplomatiyasi ovozi va Eronning ittifoqchilari, shuningdek arab hamda g‘arbning mojaroning keskinlashuvini to‘xtatishga intilgan davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlardagi asosiy yuz edi.
«U xabarlarni yetkazish uchun foydali kanal edi, — deya Eron TIV rahbarining roli yuzasidan izoh bergan g‘arbdagi yuqori martabali diplomatlardan biri. — Ammo ular qoidaga ko‘ra bir qolipda edi, chunki tashqi ishlar vazirligida vakolatlar yo‘q edi».
«Prezidentning kutilmagan o‘limi odatda muhim voqeadir, ammo uni ehtimoliy oliy rahnamo sifatida ko‘rishganiga qaramay, u siyosiy qo‘llov va aniq siyosiy qarashlarga ega emasdi», — deb hisoblaydi Bourse and Bazaar tahlil markazi bosh direktori Isfandiyor Batmanghelij.
«Ammo uning saylanishini ta’minlagan siyosiy operatorlar usiz sharoitga ham moslashadi va oldinga yurishda davom etadi», — deb hisoblaydi ekspert.