Chilonzordagi “suvli” ko‘cha: hokimlik va’dasini qachon bajaradi? 

Jamiyat 21:52 / 20.05.2024 5833

Chilonzor tumani 3-Charx Kamolon mahallasidagi ayrim ko‘chalar har yomg‘ir yog‘ganida suvga to‘ladi. Bu hududda yashovchi aholi uchun qator noqulaylik va qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda. Mahalla ahli Kun.uz’ga murojaat qilib, mutasaddilar tomonidan berilgan va’dalar hanuz bajarilmaganini, odamlar kuchli yog‘ingarchilikdan qo‘rqib yashayotganini bildirdi.

Murojaatchilarning ta’kidlashicha, ellik yildirki mahalladagi ko‘chalar har yomg‘irda suvga to‘ladi. Ayniqsa, kuchli yog‘ingarchilik paytida Zuhra 1-tor va 2-tor ko‘chalari kesishmasida mahalladagi Zavqiy, Zebuniso, Tohir, Xushbaqt ko‘chalaridan yig‘ilgan suvlar to‘planib, aholi xonadonlarigacha kirib boradi.

 “Bu yomg‘irda hamma yoq rasvo bo‘lib ketyapti. Ahvol chatoq, hamma yerga suv toshib ketmoqda. Qo‘shnilarimizning uy yerto‘lasiga suv toshib kirgan, uyga kirib ketmasligi uchun eshik pastiga band qilib o‘tiribmiz. Suvga qo‘shilib axlatlar ham oqib keladi. Ko‘p gapirdik bularni, gapirmagan joyimiz qolmadi, lekin baribir ijobiy natija bo‘lmayapti. O‘sha-o‘sha gap, otangga bor, onangga bor”, deydi Tohir Bozorov.

Kuchli yog‘ingarchilikda kanalizatsiya quvurlari dosh bermaydi, suv, axlat oqib qoladi. Ariqlar pastlikda joylashgani sababli ular oqova suvni kanalga chiqarib yubora olmaydi. Ko‘chalarda harakatlanish qiyinlashishidan tashqari kanalizatsiyaga yo‘l topgan oqova suvlar undagi chiqindilarni ham tashqariga bosim bilan chiqaradi. Mahallada yashovchi yana bir fuqaro kuchli yog‘ingarchilikda chiqindi va oqova suvlar aralashib, ko‘chalarda to‘planib qolishini ta’kidladi.

“500-600 ta xonadonning suvi keladi, to‘planadigan joyi shu yer. Kanalizatsiyalarimizgacha otib tashlaydi, 10-15 daqiqa yomg‘irga to‘lib ketadi yana, tag‘in shu ahvol. Shu qatordagi hamma yerto‘lasini yopib tashlagan, boshqa iloji yo‘q, bo‘lmasa, uygacha kirib ketadi”, deydi Umid G‘ulomov.

O‘tgan yili Chilonzor tumani hokimligi mutasaddilari mablag‘ ajratilib, muammo 1 oy muddatda hal bo‘lishini aytgan.

Tohir Bozorovning ta’kidlashicha, muammoni bartaraf etish bo‘yicha ishlar boshlangani-u, lekin oxirigacha yetkazilmagan:

“Toshkent shahri obodonlashtirish boshqarmasidan kelishdi, quvurlarni tozalagandek bo‘lishdi, bir yog‘iga o‘tdi, bir yog‘iga o‘tmadi. Chilonzor hokimligidan odam keldi, motor olib kelishdi. U motor 5-6 oy turdi, keyin kolodetsga tushirib, qotirib qo‘yishdi, tokka ham ulanmagandi, ishlamadi ham. Hozir ochib qarasak, o‘sha motor ham yo‘q, o‘g‘irlab ketishganmi, bilmadik”, deydi u.

Umid G‘ulomovning qo‘shimcha qilishicha, shahar drenaj kollektori va Chilonzor tumani prokurori ham mazkur hududga kelib, muammoni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan. Ularning topshirig‘idan keyin motor olib kelingan. Bugungi kunda esa o‘sha motor ham yo‘q.  

Kun.uz bir yil oldin ham mazkur muammo yuzasidan o‘rganish olib borgandi. O‘shanda Chilonzor tuman hokimligi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Sunnatilla Samukov muammodan tuman hokimi xabardorligini, pul mablag‘lari ajratilib, muammo bir oy muddatda hal etilishini bildirgan edi.

Hokimlik muammoni hal qilish uchun amaliy harakatga o‘tadimi yoki mahalla odamlari yana ellik yil har yomg‘irda suv kechib, uylari axlatga to‘lib yuraverishadimi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

Baxtiyor To‘xtayev,
Kun.uz
Tasvirchi va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: