Toshkentda neft va gaz sanoati mutaxassislari uchun har yili o‘tkaziladigan yirik tadbir 26-xalqaro “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2024” ko‘rgazmasi va anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir o‘z ichiga 450 ta kompaniya va brendlar, 50 ta spiker, moderator va 1200 dan ortiq delegatlarni hamda 31 ta mamlakatni jamladi.
An’anaga muvofiq ko‘rgazma “UNG-YOUTH MARATHON” yugurish musobaqasi bilan boshlandi. Sog‘lom turmush-tarzini targ‘ib qilish va sportni yoshlar hayotining bir bo‘lagiga aylantirish maqsad qilingan tadbirda sohada mehnat qilayotgan 500 nafarga yaqin xodim ishtirok etdi. Unga ko‘ra, 3,9 km masofaga yugurish bo‘yicha bellashildi. Marraga birinchilardan bo‘lib yetib kelgan 6 nafar ishtirokchi g‘olib deb topilib ularga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Marafondan so‘ng, 26-xalqaro ko‘rgazma o‘z ishini boshladi. Bunda Energetika haftaligining asosiy voqeasi "O‘zbekiston milliy strategiyasiga muvofiq energetika siyosatini uyg‘unlashtirish" yalpi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Bahodirjon Siddiqov, Ozarboyjon Respublikasi davlat neft kompaniyasi - “SOCAR” prezidenti Rovshan Nadjav va qator neft va gaz kompaniyalarining rahbarlari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Masdar kompaniyasi bosh ijrochi direktori Abdulaziz Alobaldi O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi:
“Biz O‘zbekistonda 2019 yildan beri faoliyat yuritib kelyapmiz va bu yerni ikkinchi uyimiz sifatida ko‘ramiz. Mamlakatingizda sarmoya kiritgan ilk loyihamiz 100 megavatt quvvatga ega “Nur Navoiy” loyihasi bo‘lib, u quyosh energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan O‘zbekistondagi ilk loyihalardan biri edi. O‘tgan yili esa 500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasini ishga tushirdik va u hozirda tarmoqlarga yashil energiya yetkazib bermoqda. Bundan tashqari Samarqand, Jizzax va Sherobodda yana 3 ta quyosh elektr stansiyalarini barpo etdik. Hozirda biz Buxoro va Jizzaxda qo‘shimcha stansiyalar qurish ustida ishlayapmiz, umid qilamizki, bu borada imkoniyatlar yanada ko‘payadi”, - dedi u.
“O‘zbekneftgaz” AJ tasarufidagi korxonalarda faoliyat olib boruvchi yosh mutaxasislar o‘rtasida zakovat intelektual uyini o‘tkazildi, unda 27 jamoa uzaro bellashdi. Birinchi o‘rinni “Uz-Kor Gas Chemical” qo‘shma korxonasi, ikkinchi o‘rinni Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi, uchinchi o‘rinni , “O‘zbekneftgaz” AJ jamolari egalladi.
Shuningdek “O’zbekiston neft va gazi – “OGU 2024” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida “UNG HAKATON 2024” tadbiri tashkil etildi. Bu musobaqada neft va gaz obyyektlarida faoliyat olib borayotgan 100 yaqin yosh kadrlarning dasturlash bo‘yicha salohiyatlarini namoyish etish uchun noyob imkoniyat bo‘ldi.
Tanlov shartlariga ko‘ra, ishtirokchilarga “UNG VOLUNTEER” volontyorlik saytini yaratish topshirig‘i berildi. Uch kun davomida xodimlar ma’lumotlar bazasi bilan ishlash, zamonaviy trendlarga mos saytning umumiy dizaynini yaratish, animatsiya va effektlar yaratish ustida ish olib borildi.
Musobaqaning uchinchi kuni finalchilar o‘zlarining ishlarini hakamlar hay’ati oldida namoyish etdi va unda saytning dizayni, g‘oyaning o‘ziga xosligi, foydalanuvchi uchun qulayligiga e’tibor qaratilib g‘olib topilgan ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, xalqaro ko‘rgazmada bolalar va maktab o‘quvchilari uchun “QUVVAT” 3D animasion mulserialining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu mulserialning har bir qismida suv, gaz va elektr energiyasini tejash va undan unumli foydalanish targ‘ib qilinadi. Bu bilan “QUVVAT” mulseriali orqali yosh kelajak avlodda tejamkorlik tushunchasini oshirish maqsad qilingan.
Xalqaro ko‘rgazma doirasida horijiy “CNODC”, "HoneyWell UOP”, "Haldor Topsoe”, AQShning "McKinsey & Company” kompaniyalari bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari Ilmiy institutlar o‘rtasida kelishuvlar imzolandi.
Reklama huquqi asosida