Uzbekistan Airways aviaparki ikkita Airbus A330 keng fyuzelyajli uzoq masofali havo kemalari bilan to‘ldiriladi. Ushbu havo kemalari ekipaji va boshqa xarajatlari ichida bo‘lgan holda Qanot Sharq aviakompaniyasidan lizingga olindi. Uzbekistan Airways ushbu turdagi havo kemalaridan 2023 yil aprel oyida foydalanishni boshlagan.
Avialaynerlar uzoq masofalarga, 4 soatdan ortiq amalga oshiriladigan parvozlarga mo‘ljallangan. Dastlabki bosqichda havo kemasidan Toshkentdan Istanbulga, keyinchalik Jidda va Seul qatnovlarida foydalanish rejalashtirilgan. Ilk aviaqatnov 20 may kuni Toshkent – Istanbul – Toshkent yo‘nalishida amalga oshiriladi.
Qayd qilinishicha, ijarada foydalaniladigan davr – 1 yil davomida, havo kemalari ko‘k rangda va Uzbekistan Airways havo kemalarining klassik ko‘rinishidan farq qiluvchi maxsus livreyada ekspluatatsiya qilinadi.
«A330 havo kemalaridan foydalanish to‘g‘risidagi qaror aviakompaniyani rivojlantirish strategiyasi va Uzbekistan Airways parvozlar geografiyasini kengaytirish rejalarini amalga oshirish doirasida qabul qilindi. Maqsadimiz – aviakompaniyaning xalqaro maydonda eng ishonchli va xavfsiz aviatashuvchilardan biri sifatidagi maqomini saqlab qolish uchun har yili tizimli ravishda rivojlanib borishdir», dedi Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov.