Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar uchun sudlanganlarni safarbar qilishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Unda qayd qilinishicha, harbiy xizmatga borishni tanlagan mahkumlar shartli ravishda ozod qilish haqidagi sud qarorini olishi kerak. Bundan tashqari, Ukraina Mudofaa vazirligi vakili Dmitriy Lazutkinning aytishicha, mahkum tibbiy kengash tomonidan harbiy xizmatga yaroqli deb tan olinishi va qo‘mondon «bunday shaxsni o‘z bo‘linmasida xizmatga qabul qilishga tayyor bo‘lishi kerak».
Lazutkin so‘zlariga ko‘ra, safarbar qilingan mahkumlar «harbiy qismlarning tegishli maxsus bo‘linmalarida» xizmat qiladi.
Og‘ir jinoyatlar, masalan, ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirish, zo‘rlash, terroristik jinoyatlar, Ukraina xavfsizligi asoslariga qarshi jinoyatlar, shuningdek, o‘ta og‘ir korrupsiya jinoyatlari uchun sudlanganlarning safarbar etilishi mumkin emas.
Ukraina adliya vaziri o‘rinbosari Yelena Visotskaya so‘zlariga ko‘ra, 5 mingga yaqin mahbus shartli ozodlik evaziga harbiy xizmatga borishga tayyor.
Ukraina adliya vaziri Denis Malyuska, o‘z navbatida, BBC News bilan suhbatda «o‘n mingdan yigirma minggacha» mahbusni safarbar qilish mumkinligini va «albatta, bundan ortiq emas»ligini aytgan.
Mahkumlarni safarbar qilish to‘g‘risidagi qonun Oliy Rada tomonidan 2024 yil 8 mayda qabul qilingan. 11 aprel kuni Ukraina parlamenti deputatlari «Safarbarlik to‘g‘risida»gi qonunga, xususan, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlar uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi tuzatishlarni ma’qullagan edi.