Shahar havosi bahorgi yomg‘irlardan keyin nega yuqori darajada ifloslanish qayd etgani bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Kun.uz’ga izoh berdi.
Vazirlikka ko‘ra, so‘nggi yillarda Toshkent shahridagi atmosfera havosining pastki qatlamida (100-150 metrgacha) harorat inversiyasi (havo haroratining balandlikka qarab ortib borishi) vujudga kelishi kuzatilmoqda. Harorat inversiyasi – havoning vertikal harakatlariga to‘sqinlik qiladi, natijada mayda zarrachali PM2,5 mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshib borishiga sabab bo‘ladi.
Kuz-qish mavsumida issiqlik ta’minoti tizimida yoqilg‘i sifatida ko‘mir va mazutdan foydalanish natijasida doimiy ravishda uzluksiz mayda zarrachali PM2,5 mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshishi holati kuzatilgan edi. Bahor va yoz oylarida esa, asosan havo issiq va quruq bo‘lgan kunlarda, ko‘p holatlarda mintaqaga cho‘llanish va qurg‘oqchilik ta’sirida tabiiy chang kirib kelishi oqibatida ifloslantiruvchi moddalar konsentratsiyasi oshishi kuzatiladi.
Shuningdek, vazirlik mutaxassislari respublikada havoning chang bilan ifloslanishi tabiiy (quruq iqlim, qumli va qumloq tuproqlar) va antropogen (transport, sanoat, qurilish tashlamalari) omillarga ko‘ra ifloslanish bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
“Kuchsiz shamollar, harorat inversiyasi, atmosfera havosining turg‘unligi kabi sabablar atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi uchun sharoit yaratadi. Mamlakatimizning tabiiy xususiyatlari (quruq iqlim, qumli va gilli tuproq) sababli atmosfera havosida muallaq zarrachalar – chang miqdori yuqoridir”, – deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda Ekologiya vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda Toshkent shahrining havo sifatini baholash bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasidagi o‘rganishlar hamda dastlabki hisobotga asosan, Toshkent shahrida RM2.5 mayda dispers zarrachalarining shakllanishida tabiiy chang – 36 foiz, issiqlik ta’minoti – 24 foiz, transport vositalari – 16 foiz, sanoat korxonalari – 13 foizni tashkil etishi ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 17 may soat 8:15 holatiga ko‘ra, Toshkent shahri atmosfera havosidagi PM2,5 mayda dispers zarrachalari miqdori 160 mkg/m³ ni tashkil etgan. Bu belgilangan me’yordan 32 barobar ortiq.
Eslatib o‘tamiz, shahar havosining yuqori darajada ifloslanishi kuz-qish oylarida ham kuzatilgan edi. Ifloslanishga issiqlik tizimlarida ko‘mir va mozutdan foydalish ortgani sabab qilib ko‘rsatilgan edi.