Parij Bokuni Yangi Kaledoniyadagi vaziyatga aralashishda aybladi

Jahon 09:18 / 17.05.2024 2553

Fransiyaning xorijdagi Yangi Kaledoniya hududida keng tarqalgan tartibsizliklar fonida Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen Ozarboyjonni vaziyatga aralashuvda aybladi. Ayirmachilarning bir qismi Ozarboyjon bilan kelishuvga ega, dedi Darmanen 16 may, payshanba kuni France 2 radiosiga bergan intervyusida.

Fransiya matbuoti xabarlariga ko‘ra, Parij Ozarboyjonning bir yil avval o‘zi tashkil etgan Boku tashabbus guruhi yordamida «fransuz mustamlakachiligi»ni qoralab, Yangi Kaledoniya mustaqilligi tarafdorlarini qo‘llab-quvvatlayotganidan juda g‘azablangan.

Yangi Kaledoniyadagi namoyishchilar Ozarboyjon bayroqlarini silkitib, «Boku tashabbus guruhi» logotipi tushirilgan futbolkalar kiyib olgan. Yaqinda kaledoniyalik siyosatchilardan biri Bokuga taklif qilindi va safardan so‘ng Ozarboyjon Yangi Kaledoniyaning mustaqillikka intilishini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi, deb xabar qildi France Info radiostansiyasi va L'Express jurnali.

Boku Parijning Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha tutgan pozitsiyasidan norozi

Ularga ko‘ra, Ozarboyjon Tog‘li Qorabog‘ masalasida Parij tomonidan Armanistonga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli shunday yo‘l tutmoqda. Boku Yangi Kaledoniyada keskinlikni kuchaytirib, Fransiyadan qasos olmoqchi, deyiladi France Info va L'Express xabarlarida. 

Yangi Kaledoniyadagi tartibsizliklar fonida Fransiya u yerda joylashtirilgan 1700 nafar xavfsizlik kuchlarini kuchaytirish uchun xorijdagi hududiga yana 1000 nafar politsiyachi va jandarm yubormoqda, dedi Fransiya bosh vaziri Gabriel Attal. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yangi Kaledoniyada vaziyat «juda tarangligicha qolmoqda, tartibsizliklar, o‘t qo‘yish va hujumlar sodir bo‘lmoqda, bu, albatta, qabul qilib bo‘lmaydigan holat». 

Yangi Kaledoniyadagi tartibsizliklar sababi

Yangi Kaledoniyada so‘nggi uch kechada tartibsizliklar oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi. Parij tashabbusi bilan Yangi Kaledoniyada saylov tizimini isloh qilish fonida tartibsizliklar boshlandi. Yangi Kaledoniyada ovoz berish huquqi u yerda kamida o‘n yil yashagan fransuzlarga berilishi rejalashtirilgan.

Mahalliy faollar islohot natijasida tub aholining ta’siri pasayadi, Fransiyaning ta’siri kuchayadi deb xavfsiramoqda va shuning uchun Yangi Kaledoniyani Parijdan mustaqil bo‘lishga chaqiryapti.

Ko‘proq yangiliklar: