Frontdagi vaziyat: Ruslarning Xarkiv oblastidagi yurishi qanday kechmoqda?

Jahon 22:04 / 15.05.2024 22904

Rossiya qo‘shini sharqda yangi front ochdi va uch kun ichida ikkita operativ yo‘nalishda 5–7 kilometr masofaga ilgariladi. RF qurolli kuchlari piyodalari artilleriya hamda aviatsiya ko‘magida 10 mayga o‘tar kechasi Belgorod va Xarkiv oblastlari chegarasidan o‘tib, dastlab Ukraina chegara xizmatining onda-sonda uchraydigan vzvodlarining bosh razvedka boshqarmasi otryadlari bilan kuchaytirilgan tayanch punktlarini egalladi. Bir kun o‘tib esa RF qurolli kuchlari chegara yaqinidagi bir qancha qishloqlarni nazoratiga oldi va Xarkiv chekkasidagi Lipsi qishlog‘i hamda sharqroqda joylashgan Vovchansk shahriga (rus tilida Volchansk) yaqinlashib kelishdi. 13 may kuni ushbu aholi yashash manzillaridan ikkinchisini shturm qilish boshlandi.

Vovchansk

  • Xarkivdan 50 kilometr shimoli-sharqda joylashgan (Rossiya bilan chegaradan atigi besh kilometr) ushbu shahar yarim yillik okkupatsiyadan keyin 2022 yil oktyabrida Ukraina qurolli kuchlari tomonidan ozod etilgandi. O‘tgan vaqt mobaynida ukrain qo‘shini shahar atrofida mustahkam mudofaa chizig‘i tashkil eta olmadi — muhandislik ishlariga Rossiya bilan chegara yaqinligi va hudud chegaraning u tomonidan muntazam ravishda o‘qqa tutib turilgani xalal berdi.
  • Asosiy mudofaa liniyasi shahardan 10–12 kilometr janubroqdan o‘tadi. Shimolda faqat tarqoq holda joylashgan kichik tayanch punktlari joylashgan, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya yurishi oldidan Bosh razvedka boshqarmasiga bo‘ysunuvchi, bazalari Xarkiv shahri va oblast hududida bo‘lgan otryadlarni («Kraken», «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» va boshqalar; mazkur guruhlar yil boshida Belgorod oblastiga uyushtirilgan reydlarda ishtirok etgandi) ushu nuqtalarga yuborgandi. 
  • Volchya daryosi (Avdiyivkadan g‘arbdan o‘tgan shu nomli boshqa daryo bilan adashtirmaslik kerak) shaharni qoq ikkiga ajratib turadi. RF qurolli kuchlari hozircha daryodan shimoldagi hududga hujum qilmoqda. So‘nggi kunlarda daryo orqali o‘tgan bir qancha ko‘priklar portlatildi (bu ishni raqiblardan qaysi biri amalga oshirgani — noma’lum). Keyinroq shaharning kam sonli himoyachilari daryo ortiga chekingani ma’lum bo‘ldi. Voqealarning keyingi rivoji RF qurolli kuchlari Volchyani qanchalik tez kechib, shahar ichkarisiga yoki undan g‘arbdagi hududga o‘tishiga bog‘liq.
  • Ko‘rinishidan, Ukraina qurolli kuchlari hududdagi asosiy mudofaa chizig‘idan shimolda raqibga jang taklif etish uchun Vovchansk atrofiga zaxira kuchlarni tashlashni rejalashtirmoqda; Rossiya qo‘mondonligi ham ukrainlarning 2023 yil yozidagi qarshi hujumi chog‘ida shunday yo‘l tutgandi. O‘shanda asosiy mudofaa chizig‘iga hujum qilgan Ukraina qurolli kuchlari brigadalari bir necha haftalik janglardan keyin holdan toygan va asosiy mudofaa chizig‘ini yorib o‘tolmagandi.
  • Ukraina qurolli kuchlarining muammosi shundaki, 2023 yildagi RF qurolli kuchlaridan farqli ravishda, ular yangi front chizig‘ini noldan tashkil etishiga to‘g‘ri keladi: Donbassda Rossiyaning so‘nggi oylardagi tinkani qurituvchi yurishi tufayli ukrain qo‘mondonligi ikkinchi darajali va nisbatan sokin bo‘lgan Xarkiv yo‘nalishida yirik zaxiralarni ushlab tura olmagandi. Ushbu yo‘nalishda muhandislik mudofaa inshootlari bor bo‘lgani bilan (okoplar, transheyalar, bunkerlar) ular jangovar qo‘shinlar bilan to‘ldirilmagan holatda foydasiz bo‘lib chiqadi.
  • 13 may kuni Rossiya qo‘shini Vovchanskning shimoliy chekkasiga kirib, go‘sht kombinati va turar joylardan iborat bir necha kvartallarni egalladi. Ukraina qurolli kuchlari yurishni artilleriya olovi va dron zarbalari bilan to‘xtatishga harakat qilmoqda. Ammo raqiblarning kuchlari (birinchi navbatda, o‘t ochish quvvati) teng emas: RF qurolli kuchlari 10 maydan buyon muntazam ravishda shahar bo‘ylab va uning atrofidagi hududlarga artilleriya va bombali zarbalar yo‘llamoqda.

Lipsi

  • RF qurolli kuchlarining Xarkiv oblastidagi yurishi uchun ikkinchi yo‘nalish Vovchanskdan 20–25 kilometr g‘arbroqda tanlangan. Bu yerda rus qo‘shini to‘g‘ridan to‘g‘ri Xarkivning shimoli-sharqiy chekkasi hisoblangan Lipsi ustiga bostirib kelmoqda. Bu qishloqdan Xarkiv halqa yo‘liga qadar aholi yashash kvartallari tig‘iz joylashgan — bu rossiyalik harbiylar so‘nggi vaqtlarda qat’iy yurishlari uchun afzal ko‘rayotgan landshaft hisoblanadi: bunday binolar orasida kuzatuvdan va dronlar zarbalaridan samarali yashirinish mumkin.
  • Xuddi Vovchanskdagi kabi bu hududda ham Ukraina qurolli kuchlarining asosiy mudofaa chizig‘i Lipsidan janubda joylashgan. Ammo rossiyaliklarning hujum yo‘li bo‘lishi kutilayotgan turar joy binolari istehkomlar bilan himoyalanmagan. Shuningdek, yurishni sekinlashtirishi mumkin bo‘lgan tabiiy suv to‘siqlari ham yo‘q. Shu bilan birga, yurish qilish joyi shunday tanlanganki, uning qanotlaridan biri (g‘arbiy qanot) yirik suv to‘sig‘i — Travyanskiy suv ombori bilan himoyalangan. RF qurolli kuchlari aynan shu ombor yoqalab Lipsiga kirib kelishga urinmoqda.
  • 13 may kuni ilg‘or shturm guruhlar Lipsidan taxminan to‘rt kilometr masofadagi Glubokoye qishlog‘ini egalladi.

Bu yurish qanday maqsadlarga ega bo‘lishi mumkin?

Zarbalar yo‘nalishiga qaraganda, Rossiyaning yurishi Xarkivni egallash yoki qurshab olish maqsadiga ega emas. Shuningdek, Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlarini chegaradan 15–20 kilometr nariga surib tashlab, «sanitar zona» tashkil etishni rejalashtirayotgani (bu iborani avvalroq Vladimir Putin tilga olgandi) ham dargumon: hozircha rus qo‘shini Ukraina hududiga faqat tor uchastka bo‘ylab kirib kelgan va bu faqat Xarkivdan sharqda ro‘y bermoqda.

Katta ehtimol bilan, yurish rejasi RF qurolli kuchlarining boshqa amaliyotlari bilan bog‘liq. Rossiyaning 2022 yil bahoridagi asosiy zarbasi aynan Xarkivdan  sharqda — Vovchansk orqali berilgandi. O‘shanda ularning maqsadi Izyumni egallash va keyin Donbass shimoliga — Slovyansk va Kramatorsk shaharlariga yurish qilish bo‘lgandi. Ukraina qurolli kuchlari bu yurishni faqat 2022 yil yoziga kelib katta qiyinchilik bilan Slovyansk yaqinida to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgandi.

Endilikda, Rossiya qo‘mondonligi bunday katta ambitsiyalarga ega reja tuzmagan bo‘lishi kerak: katta ehtimol bilan, amaliyotning maqsadi Kupyanskda ukrain qo‘shini ortidan chiqish hisoblanadi. RF qurolli kuchlari bir yildan ortiq vaqt mobaynida Oskol daryosi bo‘yidagi ushbu shaharga sharqiy sohildan zarba bermoqda, ammo uni egallash uchun urinishlar besamar ketmoqda; Vovchanskda muvaffaqiyatga erishish orqali ular Kupyanskka g‘arbdan yaqinlashib kelishi mumkin. Bu yurish maqsadi bo‘yicha yana bir muqobil variant bor — u ham Kupyansk frontini qulatish maqsadi: Vovchansk va Lipsidan Shimoliy Don daryosi yoqalab Chuhiyiv va Shevchenkovoga zarba berish. Reja muvaffaqiyatli bajarilgan taqdirda ikki variant ham Oskolning sharqiy sohilida ukrainlarning Xarkiv, Luhansk va Donetsk oblastlari tutashgan hududdagi fronti qulashiga olib kelishi mumkin.

Janglar natijasi (va ko‘lami) raqiblar qanday miqdordagi kuchlarni harakatga keltira olishiga bog‘liq bo‘ladi.

Xabarlarga ko‘ra, ukrain qo‘mondonligi frontning yangi uchastkasiga zaxira kuchlar olib kelmoqda (bu guruh tarkibi ma’lum qilinmayapti). Ukrainaning muammosi shundaki, zaxiralar shusiz ham ko‘p emas: masalan, Rossiyaning yirik yurishi davom etayotgan Avdiyivkadan g‘arbdagi hududlarda vaziyatni barqarorlashtirish uchun zaxira kuchlar topilmayapti.

Qo‘mondonlikda faqat so‘nggi oylarda frontdan ta’til uchun qaytarib olingan bir necha brigada bor. Shuningdek, yana bir necha brigada Rossiya qo‘shinlarining Avdiyivkadan shimoldagi yorib o‘tishini baribir to‘xtata olmaganidan keyin front ortiga yuborilgan. 

Shuningdek, «tinch» yo‘nalishlardagi pozitsiyalardan bo‘linmalarni olib o‘tish mumkin. Ammo shu bilan birga yodda tutish kerakki, Rossiya qo‘mondonligi so‘nggi vaqtlarda qo‘shinlarning bunday olib ketilishidan foydalanib, mudofaaning zaiflashgan nuqtalariga zarbalar bermoqda — va bunday yo‘nalishlar darhol «notinch» bo‘lib qolmoqda. Dniproning so‘l sohilida desant amaliyotlar uchun harakatlanayotgan dengiz piyodalari korpusi brigadalari ham zaxira manbayi bo‘lishi mumkin: ular Krinki atrofidagi platsdarmlardan olib ketilgan taqdirda ham o‘ng sohilni daryo to‘sig‘i himoya qila oladi (Rossiya armiyasi hozirda Dnipro daryosini kechib o‘tish orqali keng ko‘lamli desant amaliyoti o‘tkazishga qodir emas).

Rossiyaning yurish qilayotgan guruhi tarkibi ham (sobrannoy pod nachalom komandovaniya «Sever» qo‘mondonligi ostida yangidan tiklangan Leningrad harbiy okrugi shtabi bazasida to‘plangan) to‘liq aniq emas. Shunisi ma’lumki, Xarkiv ostonasida yurish qilayotgan kuchlar faqat Leningrad okrugi qo‘shinlaridan iborat emas. Katta ehtimol bilan, janglarga quyidagi bo‘linmalar ham tashlangan:

  • 11-armiya korpusi (doimiy joylashuv manzili — Kaliningrad oblasti) piyodalari, aynan aytiladigan bo‘lsa, 18-motoo‘qchilar diviziyasi; 
  • Leningrad oblastidagi 6-qo‘shma armiyaning ikki motoo‘qchilar brigadasi;
  • 2024 yilda Leningrad oblastida qaytadan tashkil etilgan 44-armiya korpusi (shtat bo‘yicha — yangi 72-motoo‘qchilar diviziyasi va bitta motoo‘qchilar brigadasi; haqiqiy tarkibi noma’lum).

11-korpus va 6-armiya urush davomida yuqori jangovar samaradorlik ko‘rsata olmagan. Xususan, 2022 yil kuzida Ukraina qurolli kuchlari yorib o‘tgan mahalda Balakliyani aynan 11-korpus himoya qilgandi; 6-armiyaning ikki brigadasi ikki yildan buyon Kupyanskka kirib borish uchun behuda urindi. Qaytadan tuzilgan 44-korpus esa janglar sinovidan o‘tmagan. Mart oyida ham uning saflariga shartnoma asosida xizmat qiluvchilarni yollash ishlari faollik bilan olib borilayotgandi.

Bu guruh tarkibidan Leningrad okrugining jangovar tuzilmalari o‘rin olmagan: Arktikaning 200-motoo‘qchi brigadasi Chasiv Yarga yurish qilmoqda, Shimoliy flotning 80- va 61-dengiz piyodalari brigadalari esa Dniproning chap sohilida jang qilmoqda.

Okrugning agar eng jangovar tuzilmasi bo‘lmasa ham, eng mashhuri hisoblangan Havo-desant kuchlarining Pskovdagi 76-desant-shturm diviziyasi qayerdaligi ma’lum emas. 2023 yil yozidan buyon so‘nggi vaqtlargacha ushbu diviziya Zaporijjya oblastida (Ukraina QK o‘tgan yil yozidagi yurishi vaqtida asosiy zarbasini bergan Rabotine va Verbove hududlarida) jang qilgandi. Diviziya qo‘mondonligiga yaqin bo‘lgan kanallar diviziya mart oyida Kursk oblastiga olib ketilganiga ishora qilgandi («Sever» guruhining boshqa bo‘linmalari ham o‘sha yerda joylashgandi). Ushbu desantchilar tuzilmasi (yoki uning bir qismi) Rossiyaning Xarkiv oblastidagi yurishi uchun zaxira sifatida ushlab turilgan bo‘lishi ham mumkin.

Mazkur yurishga jalb etilgan qo‘shinlar soni 50–60 ming kishiga baholanmoqda. Ammo hozircha uning faqat bir qismi janglarga tashlangan. Yurish qilayotgan guruh hozircha zirhli texnikalardan deyarli foydalanmayapti — Xarkivdan sharqda kechayotgan janglar aks etgan videolarda faqat shturmchi piyoda bo‘linmalarini ko‘rish mumkin. Ularni kuchli raketa-artilleriya guruhi, shuningdek aviatsiya qo‘llab turibdi. Katta ehtimol bilan, qo‘mondonlik zirhli tank kuchlarini Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi yorib o‘tilganidan keyin jangga tashlashni mo‘ljallagan. Tabiiyki, faqat piyodalar orqali olib borilayotgan yurish sur’ati yuqori emas — va bu ukrain zaxira kuchlari frontga yetib kelmagan holatda.

Hozircha Rossiya guruhi kuchlari hatto yurish Kupyansk frontidagi vaziyatga ta’sir ko‘rsatishi uchun ham yetarli bo‘lib ko‘rinmayapti. Rossiya qo‘mondonligi o‘z oldiga nisbatan kamtarona maqsadlarni qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin: Ukraina qurolli kuchlarini barcha zaxiralarni Xarkiv atrofiga olib o‘tishga majbur qilish — bu orqali, ulardan Donbassdagi janglarda foydalanilmasligiga erishish. 

Ammo dushman zaxiralarini unga yo‘naltirish uchun frontning yangi uchastkasini ochish g‘oyasining o‘zi — muvaffaqiyatli bo‘lib chiqmasligi mumkin. RF qurolli kuchlariga Avdiyivka va Chasiv Yar atrofidagi muvaffaqiyatni rivojlantirish uchun ham kuch yetishmayapti. Aftidan, Leningrad okrugining zaxiradagi qo‘shinlarini Xarkiv atrofidagi frontning chekka uchastkasiga emas, balki Kreml urushdagi siyosiy maqsadlariga erishishga urinayotgan Donbass markaziga jamlash mantiqan to‘g‘riroq bo‘lardi.

Ko‘proq yangiliklar: