Videoaloqa shaklida o‘tgan muloqotda Soliq qo‘mitasi tomonidan kiritilgan hukumat qarori loyihasi – Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Fermerlar kengashi mas’ullari va faol fermerlar tomonidan muhokama qilindi.
Soliq qo‘mitasi xodimlari loyihadan maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, yashirib ishlatilgan ishchilar ertaga pensiya ta’minotidan uzilib qolishining oldini olish ekanini aytishdi. Ammo bunga javoban pensiya jamg‘arish masalasi har bir ishchining shaxsiy masalasi ekani aytildi. Agar ishga yollanayotgan shaxsning bu borada kerakli bilimi bo‘lmasa, u holda kasaba uyushmalari bunga ko‘makchi bo‘lishlari, Bandlik vazirligi esa muntazam nazorat tekshiruvlarini tashkil qilishi kerakligi ta’kidlandi.
Soliq qo‘mitasi mas’ullarining so‘zlariga ko‘ra, Buxoroda 1500 gektar yeri bor fermerning faoliyati o‘rganilganida, shtati bir kishidan iborat bo‘lgan. Bunga javoban ikkinchi tomon bitta-ikkita holat bilan xulosa qilmaslik kerakligi, qolaversa dunyo tajribasida yuqori mexanizatsiya orqali qishloq xo‘jaligida kam sonli ishchi bilan minglab gektar yerlar istifoda etilishi aytildi.
Fermerlar tomonidan Soliq qo‘mitasiga e’tiroz bildirilib, ushbu loyiha qabul qilinmagan holatda ham soha qiyin ahvolda ekani, mahsulotlar narxi arzonligi va kam foyda ko‘rilayotgani oqibatida “qizil chiziqqa” kelib qolgan xo‘jaliklar ko‘pligi ta’kidlandi. “Masalan, do‘konlarda Erondan keltirilgan sutlar sotilmoqda”, dedi fermerlardan biri.
Soliq qo‘mitasi xodimlari agar fermer innovatsion texnologiyalardan foydalansa, ushbu loyihada ko‘rsatilgan majburiyatlardan soqit qilinishini aytishdi. Ammo loyihada aynan qaysi innovatsiyalar xaqida gap ketayotgani aniq ko‘rsatilmagani bois, bu pastki bo‘g‘inlarda korrupsiyani avj oldirishi mumkinligi aytildi.
Qolaversa, 2016 yilgacha fermerlar faqatgina yer solig‘ini to‘lab kelgan bo‘lsa, hozirga kelib ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar turi 8 taga yetgani va soliq yuklamasi og‘irlik qilib, rivojlanishni qiyinlashtirayotgani ta’kidlandi.
Muhokama davomida quyidagicha takliflar yangradi:
- qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan ishchi xodimlarning oylik maoshidan olinadigan daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash;
- kasaba uyushmalari va Bandlik vazirligi ishini jonlantirish, soliq yuki tushirilgandan keyin ham ishchilarni norasmiy ishlatishda davom etgan fermerlarga jarima qo‘llash;
- davlat-xususiy sherikchilik asosida kunlik ishchilarni boshqarish bo‘yicha korxonalarni tashkil qilish va bu korxonalarni soliqdan ozod qilish: fermerlarga ushbu shirkatlar bilan shartnoma qilib ishlaganda bankdan mablag‘ yo‘naltirish qulay bo‘ladi, fermerlar kunlik ishlovchilarni ro‘yxatga olishi uchun sodda elektron ilovani yo‘lga qo‘yish (bunda fermer kunlik ishchini yollaganida uning pasport ma’lumotlarini ilovaga kiritishi va avtomatik tarzda ish haqi uchun kredit olib, ishchiga maoshini to‘lab yuborishi mumkin);
- fermer ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilsa, unga nisbatan soliq imtiyozlari joriy qilish: bu bilan umumiy ishlab chiqarish ortib, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratiladi (dala do‘koni, pekarnya va h.k).
Shu tariqa, muhokama etilayotgan fermerlarni ishchi olishga majburlash haqidagi taklif qayta ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Shokir Sharipov tayyorladi.