Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Turkiya milliy partiyasi (TMP) rahbari Devlet Bahcheli davlat to‘ntarishiga urinish ehtimoli haqida ogohlantirganidan so‘ng razvedka va Adliya vazirligi rahbarlari bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi.
Erdo‘g‘an davlat to‘ntarishiga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ustidan olib borilayotgan tergovga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar taxmin qilinayotgan fitna ortida kim turganidan yaxshi xabardor.
Erdo‘g‘on bu mavzuni hukmron «Adolat va taraqqiyot» partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida ko‘tardi.
«Biz qo‘g‘irchoqbozni ham, bu spektaklni yozganni ham yaxshi bilamiz», dedi u, lekin so‘zlariga hech qanday aniqlik kiritmadi. Erdo‘g‘an Turkiya «bu tuzoqqa tushmasligini» ta’kidladi. U «qonundan tashqariga chiqqan har bir kishi javobgarlikka tortilishini» va’da berdi.
Bir kun avval Anqara Bosh prokuraturasi poytaxt politsiyasining uch nafar xodimiga nisbatan «Ayhan Bora Kaplan» jinoiy tashkilotiga aloqadorligi yuzasidan tergov boshladi. Ularning uylari tintuv qilindi.
Erdo‘g‘an ittifoqchisi Bahchelining aytishicha, fitna bo‘lishi mumkin, ammo bir necha politsiyachining ishdan olinishi hech narsani hal qilmaydi. Bahcheli, mamlakatda to‘ntaruv tashabbusining takrorlanishi ehtimoli haqida ogohlantirdi.
2016 yilda Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgan va bir necha soat ichida bostirilgan edi. Mamlakat bo‘ylab to‘qnashuvlar oqibatida 241 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi tan jarohati oldi. Davlat to‘ntarishini uyushtirish va unga aloqadorlikda gumonlanib 40 mingdan ortiq odam hibsga olindi. Mamlakatda bir necha oy davomida favqulodda holat joriy etildi.