Andijon viloyatining Xonobod shahrida go‘rkovni qabr qaziyotganda tuproq bosib qoldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun soat 9:11 da Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Xonobod shahar Markaziy qabristonida fuqaroni qabr qazish vaqtida tuproq bosib qolgani to‘g‘risida murojaat kelib tushgan. Qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishgan.
Maxsus asbob-anjomlar yordamida qutqaruv ishlari amalga oshirilgan. Tezkor harakatlar natijasida fuqaro tuproq ostidan olib chiqilib, birinchi yordam ko‘rsatilgan va shifoxonaga yuborilgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi va u shifokorlar nazoratida ekani ta’kidlangan.
Avvalroq Zangiota tumani Harakat mahallasida joylashgan uylarning birida qutqaruvchilar taxminan 5 metrli hojatxona chuqurligidan bolani sog‘-salomat olib chiqib, hayotini saqlab qolgani xabar qilingandi.