O‘tgan bir oy ichida Ukraina havo hujumidan mudofaa vositalari Rossiya qo‘shinlari tomonidan uchirilgan raketalarning atigi 30 foizini urib tushira oldi, deb yozadi The Wall Street Journal (WSJ) 13 may, dushanba kuni. So‘nggi olti oy ichida Ukraina harbiylari raketalarning o‘rtacha 46 foizini urib tushirgan bo‘lsa, avvalgi olti oyda havo hujumidan mudofaa samaradorligi ko‘rsatkichi 73 foizni tashkil etgan, deb hisoblaydi nashr jurnalistlari Ukraina Havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotlariga tayanib. Biroq, urib tushirish osonroq bo‘lgan uzoq masofaga uchuvchi «Shahed» uchuvchisiz uchoqlarining tutib olish darajasi so‘nggi olti oy ichida atigi 1 foizga tushib, 82 foizni tashkil etdi.
«Ukraina havo mudofaasi samaradorligining yomonlashishi Rossiya dron va raketa hujumlarini kuchaytirayotgani, ballistik raketalar kabi kuchliroq qurollarni ishga tushirishi fonida sodir bo‘lmoqda», - deya ta’kidlaydi gazeta keskin pasayish sababini tushuntirib. Unga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga zarbalar va dronlarning intensivligini so‘nggi 6 oy ichida o‘tgan yarim yilga nisbatan 45 foizga oshirgan. Bundan tashqari, WSJ qayd etishicha, Kiyev Patriot tizimlari uchun o‘q-dorilarning keskin tanqisligini boshdan kechirmoqda, ular esa bunday hujumlardan eng yaxshi himoya bo‘lgan.
Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi o‘tgan olti oyda 114 ta ballistik va 46 ta gipertovushli «Kinjal» va «Tsirkon» raketalarini uchirdi, avvalgi 6 oyda mos ravishda - 33 va 27 ta. Oxirgi olti oy ichida Ukraina Rossiya tomonidan uchirilgan ballistik raketalarning atigi 10 foizini urib tushirgan. WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, u joriy yilning shu paytgacha Ukrainaga otilgan birorta ham S-300 yoki S-400 raketalarini tutib olmagan.
AQSh «qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda»
AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 12 may kuni CBS News telekanalining «Millatga qarab» dasturida Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun Kongress roziligini olishning bir necha oylik kechikishi qimmatga tushganini aytdi, deb yozadi WSJ. «Biz bu yordamni tezlashtirish uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz. Yevropaliklar ham shunday qilishmoqda», - deydi Blinken.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi so‘nggi muvaffaqiyatlarini sharhlar ekan, Davlat departamenti rahbari hozirgi vaziyat «qiyin» ekanini, ammo Kiyev hali ham G‘arb ittifoqchilari yordamiga ishonishi mumkinligini aytdi. «Biz hech qayerga ketmayapmiz, xuddi Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan 50 ga yaqin davlat kabi», - deydi u.
Ukrainaga kamida yettita qo‘shimcha Patriot havo mudofaa tizimi kerak
Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari va ular uchun yetarli miqdordagi o‘q-dorilar S-300, ballistik va gipertovushli raketalarni urib tushirishning yagona ishonchli usulidir, deb yozadi WSJ mualliflari. Ammo ayni damda Kiyev G‘arb hamkorlarining yordami sezilarli kechikayotgani sababli raketalarni tejashga majbur. Pentagon ta’kidlashicha, yangi Patriot yetkazib berish zaxiralardan olinishi mumkin, boshqalari esa buyurtma qilinadi va ishlab chiqarilishi bir necha yil davom etadi.
Qo‘shma Shtatlar Ukrainada hozirda ishlayotgan Patriot tizimlarining aniq sonini ochiqlashdan bosh tortdi, ammo ular sanoqli ekanini aniqlashtirdi, deb yozadi nashr. Prezident Volodimir Zelenskiy jurnalistlarga Ukrainaga kamida yettita qo‘shimcha Patriot tizimi kerakligini, butun Ukraina hududini qamrab olish uchun 25 ta raketa tizimi zarurligini aytdi.
Rossiya hali ham o‘z zaxiralariga ega va oyiga 170 ta raketa ishlab chiqarishga qodir, deya qayd etadi WSJ. Shu bilan birga, Moskva ittifoqdoshlari, jumladan Eron va Shimoliy Koreyadan uchuvchisiz uchoqlar va raketalarni ham oladi. Ayni damda Rossiya Ukrainaga shimol, sharq va janubdan raketa va uchuvchisiz samolyotlar bilan hujum qilishda davom etmoqda.