AQSh prezidenti Jozef Bayden Rossiya Federatsiyasida yoki Rossiya korxonasida ishlab chiqarilgan nurlanmagan kam boyitilgan uranni olib kirishni taqiqlovchi qonunni imzoladi. Bu haqda 13 may, dushanba kuni Oq uyning rasmiy portalida ma’lum qilindi. Avvalroq tegishli qonun loyihasi AQSh Senati tomonidan ma’qullangan edi.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan o‘sha kuni Bayden imzolagan qonun «fuqaroviy yadroviy energetika bo‘yicha Rossiyaga qaramlikni kamaytirish va oxir-oqibat yo‘q qilish orqali energiya va iqtisodiy xavfsizlikni mustahkamlaydigan bir qator tarixiy harakatlarga» olib kelishini aytdi.
Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, «Kongress yaqinda prezidentning iltimosiga binoan ajratilgan misli ko‘rilmagan 2,72 milliard dollar federal moliyalashtirish tufayli» qonun «AQShda yangi boyitish salohiyatini ishga tushiradi va sanoatga yadro sektori uzoq muddatli istiqboliga sodiqlik haqida aniq signal beradi».
AQSh AES uchun uranning deyarli chorak qismi Rossiyadan keladi
Amerika atom elektr stansiyalari uchun Rossiya yoqilg‘isini olib kirishga qo‘yilgan taqiq taxminan 90 kundan keyin kuchga kiradi, garchi AQSh Energetika vazirligi ta’minotda uzilishlar yuz bergan taqdirda uni vaqtincha to‘xtatib qo‘yishi mumkin, deb xabar bermoqda Reuters. Agentlik eslatishicha, bugungi kunda Rossiya Federatsiyasi dunyodagi eng yirik boyitilgan uran yetkazib beruvchisi bo‘lib, AQSh atom elektr stansiyalarida ishlatiladigan uran yoqilg‘isining qariyb 24 foizi Rossiya Federatsiyasidan keladi.