O‘tgan kun davomida jahon sahnasida sodir bo‘lgan e’tiborga molik voqea-hodisalar va yangiliklar tafsiloti bilan odatdagidek tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Qamalda qolgan G‘azoda oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Isroil hujumlari tufayli G‘azoda minglab tonna chiqindilar yig‘ishtirilmasdan turibdi.
G‘azo ko‘chalaridan olti oydan buyon chiqindilar olib ketilmayapti. Bunga sabab Isroilning tinim bilmayotgan hujumlari. Boz ustiga chiqindini qayta ishlovchi korxonalar ham bombardimon qilingan. Eksklav sekin-asta ulkan chiqindixonaga aylanmoqda, bu ham kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Isroillik natsionalistlar G‘azoga yetkazilishi kerak bo‘lgan insonparvarlik yordamlarini yo‘q qilishmoqda. Qamalda qolayotgan G‘azo uchun yo‘nalgan insonparvarlik yuklari ortilgan karvonga isroillik ultrao‘ng ko‘chkindilar guruhi hujum qilgan. Voqea okkupatsiya ostidagi G‘arbiy sohilda joylashgan Tarkumiya nazorat-o‘tkazish punktida ro‘y bergan. Ultrao‘ng aktivistlar mashinalarga ortilgan yuklarni itqitishgan, un to‘ldirilgan qoplarni to‘kib, tuproqqa qorishtirishgan.
Shu kunlarda G‘azo politsiyasi BMT insonparvarlik yordamini o‘g‘irlashga harakat qilgan qurolli bosqinchilarni muvaffaqiyatli bartaraf etgan.
5 kishidan iborat guruh tunda qurollanib, insonparvarlik yordami shtabiga hujum qilgan va o‘g‘irlangan narsalarni bozorlarda pullashgan. Ularni aniqlashgan va hibsga olishgan. Qo‘llariga kishan urishdan avval oyoqlariga o‘q uzilgan.
Falastinga yordam
Kuvaytda G‘azoga yordam va uni tiklashga doir xalqaro humanitar konferensiya o‘tkazildi. Xalqaro islom xayriya tashkiloti va BMTning insonparvarlik faoliyatini muvofiqlashtirish tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan konserensiyada G‘azoga 2 mlrd dollar yordam ajratilishi va’da qilindi.
Rejaga ko‘ra, mablag‘ beshta turli yo‘nalishlarga ajratiladi: bular — qutqaruv tadbirlari, turar joy bilan ta’minlash, sog‘liqni saqlash, ta’lim va anklavning iqtisodiy ahvolini o‘nglash.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Gretsiya prezidenti Kiriakos Mitsotakis bilan birgalikda o‘tgan matbuot anjumanida yuzlab hamaschilar Turkiya hududida davolanayotganini aytib o‘tgan.
«Men hech qachon HAMASni terrorchilik tashkiloti deb sanamaganman. Bizning mamlakatimizda ayni paytda mingdan ortiq HAMAS a’zolari kasalxonalarda davolanishmoqda”, — degan Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an Falastin harakatiga bundan keyin ham yordam qo‘lini cho‘zishini aytib, gretsiyalik hamkasbining yondashuvini noto‘g‘ri deb atagan: «Men sizning noto‘g‘ri yondashuvingizni hech qachon qo‘llay olmayman. Agar siz ularni terrorchilik tashkiloti deb atasangiz, biz xafa bo‘lamiz», degan Erdo‘g‘an.
Aksilisroil namoyishlar
Virjiniya universitetidagi Falastin tarafdori bo‘lgan talabalar AQShning Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga norozilik belgisi sifatida gubernator so‘zga chiqqan chog‘da bitiruv kechasi marosimini namoyishkorona tark etishgan.
Kembrijdagi eng boy Triniti kollej kengashi barcha qurol-yarog‘ kompaniyalaridan chiqish uchun ovoz berdi.
Asosiy moliyaviy qarorlar uchun javobgar bo‘lgan kollej kengashi bu qarorga mart oyining boshida kelgan, shunchaki bu ovoza qilinmagan.
Avvalroq kollej Isroil armiyasi uchun o‘ldiruvchi qurollar ishlab chiqaruvchi Isroil qurol-yarog‘ kompaniyalariga investitsiya kiritib kelayotgani uchun qattiq tanqid ostiga olingan edi.
Albatta, butun G‘arb davlatlarini qamrab olgan aksilisroil namoyishlar isroilparast siyosatchilarning asabiga tegmoqda.
Avvalroq “barcha falastinliklarni o‘ldirish”ga chorlagan tennesilik kongressmenlardan biri universitet kampuslarida namoyish qilayotgan talabalarni G‘azoga jo‘natish kerakligini ta’kidlagan.
Respublikachilardan bir nechtasi ikkita qonun loyihasini ishlab chiqqan. “Antisemitizmga qarshi jamoat ishlari to‘g‘risidagi qonun” deb ataluvchi qonunga ko‘ra, 2023 yilning 7 oktyabridan so‘ng Amerika kollejlari hududida noqonuniy xatti-harakat uchun ayblangan yoki sudlangan har qanday insonni kamida yarim yilga G‘azoga jo‘natish nazarda tutiladi.
Yana prezident bo‘lish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan Donald Tramp ham agar saylanib qolsa, universitet kampuslari va kollejlarda Falastinni yoqlab norozilik namoyishlarida ishtirok etayotgan talabalarni zudlik bilan deportatsiya qilishini va’da berdi.
Ukrainadagi urush
Ukraina armiyasi Donbassdan harbiylarni olib Xarkiv ostonasiga ko‘chirmoqda. Ukraina shimolida yangi front ochilishi bir nechta taktik yurishlarni keltirib chiqarmoqda, deb yozadi The New York Times.
Agar Rossiya armiyasi Lipsi shahrini egallasa, qimmatbaho raketalar o‘rniga Xarkiv shahrining 24 km masofani ura oladigan oddiy sovet artilleriyasidan foydalanib o‘qqa tutishi mumkin bo‘ladi.
Harbiy tahlilchilarga ko‘ra, hujumdan maqsad Xarkivga tahdid solib turishgina emas, Donbassdan ukrain qo‘shinlaring e’tiborini tortish ham. Allaqachon zaxiralarni Xarkiv tomon tortish boshlangan. Ukraina qo‘mondonligi Svatove yo‘nalishidan harbiy xizmatchilarni olishga majbur bo‘lgan.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Rossiya armiyasi Xarkiv oblasti Vovchansk shahri uchun janglarda “taktik muvaffaqiyat”ga erishayotganini tan oldi. Xarkiv oblasti politsiyasi boshlig‘i uch kunlik janglar davomida shahar “2022 yildan buyon ko‘rgan zararlardan ortiqroq zarar ko‘rgani”ni ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ko‘ra, Ukrainaning ayni kunlardagi maqsadi — Rossiyaning urushni kengaytirishga bo‘lgan urinishlarini chippakka chiqarish bo‘lib turibdi.
Zelenskiyning aytishicha, ukrainalik harbiylar Xarkiv yo‘nalishi, jumladan Vovchansk va umuman chegararoldi hududlarini kuchaytirishgan.
«Hozir natijalarimiz soni ortib bormoqda”, — degan Zelenskiy qo‘shinlar rossiyalik piyodalar va texnikalarni yo‘q qilayotganiga urg‘u berib.
Zelenskiy rossiyalik harbiylarning maqsadi Ukraina kuchlarini yangi chiziqqa jalb qilishdan iborat ekanini aytib, ukrainalik harbiylar Donetsk va boshqa yo‘nalishlarni tashlab qo‘ymasligini ta’kidlagan.
«Bizning vazifamiz mutlaqo tushunarli — Rossiyaning urushni kengaytirishga bo‘lgan urinishini to‘xtatish. Bu vazifani bajarish hozir pozitsiyalarda bo‘lib turgan har bir insonga bog‘liq”, — degan Zelenskiy. Uning alohida ta’kidlashicha, Rossiya qo‘shinlari uchun “Ukraina tuprog‘ida bir qarich ham xavfsiz joy bo‘lmasligi kerak”.
Qozog‘istonda sobiq vazir qamaldi
Qozog‘istonning sobiq iqtisodiyot vaziri Quvandiq Bishimbayev o‘z rafiqasi Saltanat Nukenovani o‘ldirishda aybdor deb topildi va sud tomonidan 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bishimbayev o‘ta shafqatsizlik va qiynoqlar bilan qotillik sodir etish moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan. Ish hakamlar hay’ati ishtirokida ko‘rib chiqildi.
Bishimbayevning amakivachchasi Baqitjan Bayjanov esa jinoyatni yashirish va jinoyat to‘g‘risida xabar bermaslikda ayblanib, to‘rt yilga qamalgan.
2023 yil noyabrda Bishimbayev rafiqasi Saltanat Nukenova bilan bahslashib qolganidan keyin o‘ziga tegishli bo‘lgan «Bau» restoranida uni o‘lgunicha kaltaklagan. Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, sobiq vazir «o‘ta rashkchi» bo‘lib, rafiqasining qadamini kuzatgan, unga ishlashni taqiqlagan hamda «unga nisbatan muntazam ravishda jismoniy kuch ishlatgan». Bishimbayevning o‘zi sud jarayoni davomida rafiqasini kaltaklaganini tan olgan, ammo qotilligiga iqror bo‘lmasdan, rafiqasi yiqilib jarohat olish oqibatida jon berganini aytgandi.
Bishimbayev 2016 yilda bir necha oy davomida Qozog‘iston iqtisodiyot vazirligini boshqargan. 2018 yilda u korrupsiya bo‘yicha ayblanib, 10 yilga qamalgan, ammo bir yarim yil o‘tganidan keyin jazodan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingandi.
«Demografik qish»
Dunyo hayratlanarli demografik bosqichda. Tez orada dunyo miqyosida tug‘ilish darajasi doimiy aholi sonini ushlab turish uchun zarur bo‘lgan darajadan pastga tushadi.
Tug‘ilish ko‘rsatkichlari deyarli hamma joyda pasayib bormoqda. Tug‘ilish darajasining pasayishi odamlarning turmush tarzi, iqtisodiyotning o‘sishi va dunyodagi qudratli davlatlarning mavqei uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi, deyiladi The Wall Street Journal maqolasida.
Yuqori daromadli mamlakatlarda tug‘ilish darajasi 1970-yillardagidan ham pastga tushib ketgan va pandemiya davrida yanada pasaygan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ham tug‘ilish darajasi pasaymoqda. Hindiston o‘tgan yili Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning eng ko‘p aholisi bo‘lgan mamlakatiga aylandi, ammo unda ham tug‘ilish darajasi pasayib boryapti.
AQSh Pensilvaniya universitetida demografiya bo‘yicha ixtisoslashgan iqtisodchi Xesus Fernandes-Villaverde so‘zlariga ko‘ra, dunyo «Demografik qish» ostonasida turibdi.
2017 yilda dunyo bo‘ylab tug‘ilish koeffitsiyenti 2,5 ni tashkil etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2020-yillarning oxirida bu ko‘rsatkich 2,4 ga tushishini bashorat qildi. Biroq 2021 yilda bu ko‘rsatkich 2,3 ga tushdi — demograflarning fikriga ko‘ra, dunyo aholisi soni o‘zgarmay turishi uchun koeffitsiyent 2,2 atrofida saqlanib turishi lozim.