CIT: Belgoroddagi uyga Rossiya raketasi yoki aviabombasi tushib ketgan bo‘lishi mumkin

Jahon 10:08 / 14.05.2024 3308

Rossiya Mudofaa vazirligining 12 may kuni Belgorodda kirish qismi qulab tushgan ko‘p qavatli uyga Ukraina «Tochka-U» raketasi parchasi tushgani haqidagi versiyasi ehtimoldan yiroq holat, deb hisoblaydi Conflict Intelligence Team. Katta ehtimol bilan uyga Rossiya o‘q-dorilari tushib ketgan, dedi CIT asoschisi Ruslan Leviyev 13 may, dushanba kuni jurnalist Maykl Nakining YouTube-kanalida

Surishtiruvchilar Belgoroddan olingan foto- va videomateriallarni tahlil qilib, uyga shimoli-sharqdan zarba bo‘lgan degan xulosaga kelishdi. Leviyevning so‘zlariga ko‘ra, hujumning bu yo‘nalishiga, jumladan, bino derazalari shimoli-sharqiy tomondan singani va qarama-qarshi tomon, ya’ni Ukrainaga qaragan qismi butun saqlanib qolgani dalolat beradi. «Ukrainaning «Tochka-U» raketasi havo hujumidan mudofaa raketasi ta’sirida trayektoriyasini uyning bu tomonidan zarba beradigan tarzda o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi versiya bizga ehtimoldan yiroq tuyulyapti», dedi CIT asoschisi. 

«Kelish yo‘nalishini hisobga olgan holda, eng aniq versiyalardan biri bu zenit raketasining zarbasi, masalan, S-300 kompleksidan parchalar tarqalishi xarakterli izlari ko‘lami. Biz bunday raketaning jangovar kallagi kirish qismini qulatish uchun yetarli bo‘lishi mumkinligini tan olamiz», - dedi Leviyev. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana bir «yaqin versiya» - bu FAB-250 yoki FAB-500 aviabombasining universal tuzatish va rejalashtirish moduli (UTRM)dan g‘ayritabiiy ravishda tushib ketishi. «Ushbu versiya portlashdan biroz oldin Xarkiv viloyatiga qarata rejalashtirilgan aviabombalar uchirilgani haqida xabar berilgani bilan tasdiqlanadi», dedi CIT asoschisi. 

«Uyga qanday o‘q-dori tushib ketganini hali aniq aniqlashning iloji yo‘q, ammo bu Rossiya tomoni harakatlari tufayli sodir bo‘lgan», - deya xulosa qildi Leviyev.

Belgorodda ko‘p qavatli uy kirish qismi qulashi oqibatida 15 kishi halok bo‘ldi 

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari Belgorodda qulab tushgan ko‘p qavatli uy kirish qismida qidiruv-qutqaruv ishlarini yakunladi. Qutqaruvchilar beton vayronalar ostidan 32 kishini olib chiqdi – ulardan 17 nafari qutqarib olindi, 15 nafari halok bo‘ldi, deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida. 

Rossiya Mudofaa vazirligi xabar tarqatdi, unga ko‘ra Ukraina tomoni Belgorodni «Tochka-U» raketa majmuasi, «Olxa» va RM-70 «Vampir» yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari yordamida o‘qqa tutgan. Rossiya harbiy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, urib tushirilgan «Tochka-U» raketalaridan birining bo‘laklari turar joy binosiga zarar yetkazgan. Shu bilan birga, Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov turar joy binosining kirish qismi «to‘g‘ridan to‘g‘ri snaryad zarbasi natijasida» qulab tushganini aytdi. 

Leviyev va Naki Rossiyada 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan 

2023 yil 29 avgust kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudi Ruslan Leviyev va Maykl Nakini Rossiya armiyasi haqida «feyklar» tarqatishda ayblab, har birini sirtdan 11 yilga ozodlikdan mahrum qilgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ularga besh yil davomida internetda material joylashtirish taqiqlangan. 

Naki mamlakatni 2021 yil yozida, Leviyev esa Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan keyin tark etgan. Ikkalasi ham Rossiyada «chet el agentlari» deb, CIT esa - «nomaqbul tashkilot» sifatida e’lon qilingan. 2022 yil may oyida Naki va Leviyev sirtdan hibsga olingan. 

Ko‘proq yangiliklar: