Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi joylashtirildi.
Qonun avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, saqlash va ulardan foydalanish chog‘ida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi. Qonun O‘zbekistondagi mulkchilik shaklidan va ahamiyatidan qat’iy nazar barcha avtomobil yo‘llariga nisbatan tatbiq etiladi.
Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir. Haq to‘lanadigan avtomobil yo‘llari sohasidagi munosabatlar alohida qonun bilan tartibga solinadi. Agar O‘zbekiston xalqaro shartnomasida O‘zbekiston avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanadi.
Avtomobil yo‘llari sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
- qonuniylik;
- ilmiylik;
- ochiqlik va oshkoralik;
- xavfsizlik;
- ekologik xavfsizlikning va atrof-muhitni muhofaza qilinishining ustuvorligi.
Avtomobil yo‘llari sohasida davlat boshqaruvi Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda avtomobil yo‘llari quyidagicha tasniflanadi:
- umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari;
- shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari;
- xo‘jalik avtomobil yo‘llari.
Avtomobil yo‘llari butun uzunligi yoki ayrim qismlarining iqtisodiy, ma’muriy ahamiyati va vazifasiga ko‘ra Ia, Ib, II, III, IV va V toifalarga bo‘linadi:
Ia – shahar va poytaxtlarni bog‘lovchi magistral yo‘llar va I-II sinf aeroportlarga olib boruvchi yo‘llar;
IIb – yirik shaharlarni aylanib o‘tish yo‘llari va halqa magistral yo‘llar, yirik shaharlarga kirish yo‘llari va ommaviy dam olish joylari va tarixiy yodgorliklarga olib boruvchi yo‘llar;
II – shaharlarni aylanib o‘tish yo‘llari va halqa magistral yo‘llar, magistral yo‘llar, shaharlarga kirish yo‘llari, tuman va shahar markazlarini bog‘lovchi hamda III-IV sinf aeroportlarga olib boruvchi yo‘llar;
III – shaharlarga kirish yo‘llari;
IV va V – mahalliy yo‘llar.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘lining nomi ushbu yo‘l o‘tgan hududlar (davlatlar, shaharlar va aholi punktlari) nomlanishidan kelib chiqib belgilanadi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari quyidagi uch belgidan iborat identifikatsiya raqamiga ega bo‘ladi:
- birinchi belgi – umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarining ahamiyatini anglatuvchi D (davlat) va M (mahalliy) harflar;
- ikkinchi belgi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga tegishliligini anglatuvchi 1 dan 13 gacha bo‘lgan ikki xonali son;
- uchinchi belgi – avtomobil yo‘lining shu hududdagi tartib raqamini anglatuvchi uch xonali son.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini moliyalashtirish Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llarini rivojlantirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.
Avtomobil yo‘llarini saqlash mazkur yo‘llar qaysi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ta’minlanadi.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida maxsus vakolatli organ bilan kelishmasdan quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:
- avtomobil yo‘llarini kanallar, aloqa va elektr energiyasi uzatuvchi tarmoqlar, neft va gaz o‘tkazuvchi quvurlar hamda temiryo‘llar bilan kesib o‘tish;
- ko‘priklar va suv quvurlari yaqinida melioratsiya hamda boshqa maqsadlar uchun daryolar va zovurlarning o‘zanlarini chuqurlashtirish;
- avtomobil yo‘liga qo‘shilib ketgan shlyuzlar, to‘g‘onlar va boshqa melioratsiya hamda gidrotexnika inshootlarini ta’mirlash;
- ajratilgan mintaqada yo‘l axborotiga aloqasi bo‘lmagan reklama peshtaxtalari, peshlavhalar, e’lonlarni shartnomasiz o‘rnatish va joylashtirish;
- avtomobil yo‘llarining chetlarida, yo‘l ko‘tarmalari yoki o‘ymalari qiyaliklarida joylashgan foydalanishdagi aloqa va elektr energiyasi uzatish tarmoqlarini ta’mirlash;
- ajratilgan mintaqada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish (yo‘l tashkilotlari bundan mustasno);
- daryolar va kanallardagi ko‘priklar osti qirg‘oqlarda turib o‘lchov va boshqa ishlarni tashkil qilish;
- avtomobil yo‘llarida sport musobaqalari va ommaviy tadbirlar o‘tkazish;
- avtomobil yo‘llaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va quritish maqsadlarida foydalanish;
- og‘ir vaznli, katta gabaritli va xavfli yuklarni tashish.